Breaking News

Tog'li Qorabog'da otishmalar tinmayapti


Armanistonda yuzlab ko'ngillilar notinch mintaqaga oshiqayotgani haqida xabarlar bor
Armanistonda yuzlab ko'ngillilar notinch mintaqaga oshiqayotgani haqida xabarlar bor

Armaniston va Ozarbayjon Tog'li Qorabog' ustida olishmoqda. Har ikki taraf o'nlab odamidan ayrilgan. Sulh haqidagi bayonotlar e'tiborga olinmayapti.

Ixtilof juma kechqurun boshlanib, Ozarbayjon o'ndan oshiq askaridan ayrilgan. Arman ayirmachilari orasida ham talofatlar bor. Jami o'lganlar 30 kishidan oshgan.

Aholisi asosan nasroniy armanlardan iborat Tog'li Qorabog' Ozarbayjonda joylashgan. O'lkani arman isyonchilari va Armaniston harbiylari nazorat qiladi. Mintaqa o'z armiyasi va iqtisodiyotini yuritib, o'zini mustaqil respublika deb biladi.

Hududda 1988-yilda boshlangan qonli urush 1994-yilgi sulh natijasida nihoyasiga yetgan. Nizo 30 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketib, minglab odamlar uyini tashlab qochishga majbur bo'lgan.

Bu orada Armanistonda yuzlab ko'ngillilar notinch mintaqaga oshiqayotgani haqida xabarlar bor.

Armaniston rahbariyati esa ixtilof bundanda keskin tus olsa, Tog'li Qorabog'ning mustaqilligini tan olishini aytib ogohlantirgan.

Ozarbayjon tomoni arman harbiylari hududni butunlay tark etsagina, harbiy amaliyotlarni to'xtatishga rozi. Bu mamlakat Mudofaa vazirligining bildirishicha, so'nggi 12 soat ichida Armanistonning 170 askari va 12 harbiy texnikasi yo'q qilingan.Bunga javoban Tog'li Qorabog' rahbarining matbuot kotibi David Bayanning aytishicha, Ozarbayjon qo'shinlari hududga kirmoqchi bo'ldi, ammo ortga uloqtirildi, o'nlab askar, beshta T-90 tankidan ayrildi.

Jahon hamjamiyati, xususan, Amerika va Rossiya har ikki tarafni otishmalarni bas qilishga da'vat etayapti. Har ikki davlatni qurol bilan ta'minlab keladigan Moskva o'rtada vositachilik qilishga ham urinmoqda.

Turkiya rahbariyati esa qardosh davlat Ozarbayjonni yoqlashga tayyor. Eslatish joiz, Turkiya va Armaniston Birinchi jahon urushi paytida Usmoniylar imperiyasida minglab armanlarning nobud bo'lishi yuzasidan hanuz tortishib keladi.

Tahlilchilar nazarida Tog'li Qorabog'dagi oxirgi janglar beqaror mintaqada yillar davomida to'planib kelgan ziddiyat, g'azabning mahsulidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG