Ozarbayjon Tog'li Qorabog'da harbiy harakatlarini to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjonga qarashli urib tushirilgan harbiy vertolyot

Ozarbayjonga qarashli urib tushirilgan harbiy vertolyot

Ozarbayjon Tog’li Qorabog’da arman kuchlari bilan to’qnashuvdan so’ng barcha harbiy harakatlarni bir tomonlama ravishda to’xtatishga qaror qildi. Shanba kungi janglarda Ozarbayjon 30 askarini yo’qotgan.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, agar arman tomoni ozarbayjonlik askarlar va aholi pozitsiyalarini o’qqa tutishda davom etsa, Ozarbayjon javob berishga majbur bo’ladi.

BMT, AQSh, Rossiya va Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon va Armanistonni bosiqlikka chaqirmoqda.

Ozarbayjon va Armaniston bir-birini 1994-yil sulhini buzganlikda ayblamoqda, qarama-qarshi ma’lumotlar bermoqda. Armaniston salkam 20 askarini yo’qotganini da’vo qilsa, Ozarbayjon 100 dan ziyod dushmanni yer tishlatganini bildiradi.

SSSR paytida Ozarbayjon tarkibida bo’lgan Tog’li Qorabog’da yashovchi armanlar ittifoq parchalanmasidan oldin Ozarbayjondan ajralishini e’lon qilgan. Bundan norozi Boku hududni qaytarishga harakat qildi. Natijada 1988-yilda boshlangan urush 1994-yilgacha davom etdi.

Shundan so’ng ikki tomon bufer zona bilan bir-biridan ajratilib, so’nggi 21 yil davomida sulhga nisbatan amal qilib kelinayotgan edi.

Tog’li-Qorabog’da armanlar yashashiga qaramay, o’zini respublika deb e’lon qilgan bo’lginchi hudud Armaniston tarkibiga kiritilmagan.

Tog’li-Qorabog’ urushida Turkiya Ozarbayjonni, Rossiya esa Armanistonni qo’llab-quvvatlagan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an yakshanba kuni ozarbayjonlik jurnalistning savoliga javob berayotib, qardosh mamlakatni qo’llashda davom etamiz, dedi.

Turkiya-Armaniston chegarasi 1993-yildan beri yopiq, ikki mamlakat o’rtasida savdo-sotiq yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG