Breaking News

Nensi Pelosi, Amerikaning eng qudratli ayoli uchun yana bir sinov davri


Yaqinda 70 yoshga kirgan Nensi Pelosi (Nancy Pelosi - Foto albom) AQSh tarixida eng baland siyosiy cho’qqiga ko’tarila olgan ayol.

Nensi Pelosi 2007 yildan beri Vakillar Palatasiga raislik qilib keladi. Agar prezident va vitse-prezidentga biror ko’rgulik bo’lib, ularning o’rni bo’shasa, spiker davlat rahbariga aylanadi. U shu tariqa hokimiyatda uchinchi eng muhim o’rinni egallaydigan shaxs.

Pelosi xonim siyosatga 47 yoshida, besh farzandini mustaqil hayotga kuzatib bo’lgach kirib kelgan. Baltimor shahrida italyan-amerikaliklar oilasida tug’ilgan. Otasi va akasi ham Kongress a’zolari bo’lgan.

Nensi Pelosi har qadam tashlaganida Kapitoliy devorlari titraydi degan gap bor. Buning boisi shundaki spiker qattiqqo’l, cho’rtkesar, talabchan va uddaburo siyosatchi. Demokratik partiya siyosiy ustunlikni boy bermasligi uchun har qancha mehnat qilishga tayyor.

Lekin bu yil noyabrida o’tadigan saylovlar Nensi Pelosi va uning safdoshlariga qimmatga tushishi mumkin. Jamoatchilik ko’p jihatdan respublikachilar tomonda. Nensi Pelosi uchun yana bir sinov davri.

Bu davlat o’zining 218 yillik o’tmishida Nensi Pelosidek siyosatchini ko’rmagan. U birinchi ayol spiker, qolaversa, demokratlarning suyangan tog’i.

Vakillar Palatasiga raislik uchun qasamyod qilgan kuni besh farzandi va sakkiz nabirasini minbarga olib chiqqan. “Oila muqaddas”, - deydi u, “xalq manfaati yo’lida xizmat qilish ham”.

“Qizlarimiz va nabiralamiz kelajagi uchun bugun yana bir marraga yetdik”,- degan edi u o'shanda.

Merilend shtati Baltimor shahrida Nensi Pelosi katta bo’lgan ko’cha bugun uning nomini olgan.

“Bu mening ona shahrim. Otam Baltimor hokimi bo’lgan. Dindor katoliklar oilasida voyaga yetganman. Juda vatanparvar, shu bilan birga mag’rur italyanlar avlodidanman. Amerika desa, jonimizni berishga tayyormiz va juda sodiq demokratlarmiz”,- deydi spiker.

Nensi Pelosining bolaligi siyosiy doiralarda o’tgan. Otasiga ergashib, hayotiy saboqlar olgan.

Selinda Leyk, spikerning uzoq yillik maslakdoshi deydiki:

“Nensi Pelosi uchun hayot bu siyosat. Bir kun kelib Amerikadagi eng qudratli ayol bo’lishni orzu qilmagan bo’lsa-da, yoshligidan muvaffaqqiyat va g’alaba mazasini totib o’rgangan. U Demokratik partiyani tubdan yangiladi, siyosiy platformani mustahkamladi. Demokratlarning o’ziga ishonchi ortdi. Kongressda zehn va shiddatda Nensi Pelosiga yetadigan odam yo’q”.

Sog’liqni saqlash tizimi islohot dasturi Kongressda 70 yildan beri boshog’riq bo’lib yotgan edi. Nensi Pelosi yetakchiligida u nihoyat qabul qilindi. Undan norozilar ko’p, lekin siyosatda bu tabiiy hol.

“Nensi Pelosi tanqiddan qo’rqmaydigan odam. Hatto eng keksa demokratlar ham balki bu qonunni butunlay emas, qisman tasdiqlarmiz deganida, spiker butun xalq sog’lig’ini ko’zlaydigan hujjat qabul qilinadi, vassalom deb turib oldi. Demokratlar bir yoqadan bosh chiqardi”,- deydi Selinda Leyk.

Respublikachi Terri Nelson nazarida ham Nensi Pelosi har jihatdan kuchli arbob, lekin spiker liberal emasmi, konservatorlarga yoqmaydi. Fikrlari juda keskin, deydi sharhlovchi.

“Ommadan so’ralganida, nari borsa aholining yarmi unga ijobiy qaraydi. Nensi Pelosiga yetadigani yo’q, lekin xalq orasida uning tarafdorlari uncha ko’p emas. O’zi spikerlar qanchalik muhim shaxslar bo’lmasin, tarixan ular uncha taniqli odamlar emas. Biroq Nensi Pelosi… Bu ayolni hamma biladi. Fikringiz qanday deb so’rasangiz, yo “juda yaxshi”, yo “juda yomon”.

Terri Nelson Nensi Pelosini so’lchilikda ayblaydi. Spiker San Fransiskodan, Amerikaning eng liberal qarashdagi hududlaridan saylangan. Nensi Pelosi respublikachilar bilan ishlashni istamaydi, ulardan hamisha uzoqda yuradi degan tandiq kuchli.

“Spiker raqib partiyadan yuz o’gira olmaydi. Bunga haqqi yo’q. Raismisiz, Kongressdagi barcha partiya a’zolari bilan til topishish kerak. Nensi Pelosi o’z bilganidan qolmaydigan siyosatchi. Yetakchi omma fikrini chetga surmasligi kerak. Axir siz xalq vakilisiz va boshqa vakillar bilan bir qatordasiz. Barak Obama ham prezidentlikka intilayotganida mana shu gaplarni qayta-qayta aytgan”.

Lekin Nensi Pelosi prezident bilan yaqindan ishlab kelmoqda. Obama, deydi ayrim tahlilchilar, Nensi Pelosining bor kuchidan foydalanib, qator dolzarb masalalarga yechim topmoqchi, yangi qonunlar qabul qilinishini ta’minlamoqchi. Prezident hamjihatlikka undab keladi, lekin hozircha Kongressda demokratlar hukmron ekan, marra uniki.

Bugun Nensi Pelosi uchun eng muhimi lavozimini saqlab qolish. Bu degani 4 noyabrda o’tadigan saylovlarda demokratlar Vakillar Palatasidagi o’rnini yo’qotmasligi kerak.

Ommaviy so’rovlarda ularning raqibi - respublikachilar oldinda ketmoqda.

Nensi Pelosi “har bir o’rin uchun jon-jahdimiz bilan kurashamiz”, - deydi. “Bunday sinovlarga o’rganib ketganmiz, demokratik tanlov bu axir”,- deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG