Nargiz Zokirova: "Nafrat so'zi menga yot. Odamlarni sevaman"


Nargiz Zokirova

Nargiz Zokirova

So'nggi paytlarda qator o'zbekistonlik xondandalarning Rossiyada yulduzi porlamoqda. Mashhur Zokirovlar sulolasining 1990-yillar boshida Amerikaga ko'chib borgan vakili Nargiz Zokirova uchun bu ikkinchi ijodiy yuksalish. Ommabop musiqali loyihada finalgacha borib, Rossiya bo'ylab gastrollardan bo’shamayotgan va Amerikada endi kamnamo xonanda yaqinda "Amerika Ovozi"ga intervyu berdi. .

1984-yilda «Vodillik kelin» kinofilmiga yozilgan «Unutma meni» qo'shig'i bilan tanilgan Nargiz Zokirova bir necha yildan so'ng Amerikaga muhojirotga chiqib, o'zbek muxlislari tomonidan unutildi.

Biroq salkam chorak asrdan so'ng u yana katta sahnaga qaytdi. U o'zini o'zbekistonliklarga eslatibgina qolmay, sobiq Sovet mamlakatlarida ham minglab yangi muxlis orttirdi.

Chorak asr mobaynida nafaqat Nargiz Zokirovaning tashqi qiyofasi, balki musiqiy yo'nalishi ham keskin o'zgardi.

“O'zbekistonda pop musiqasi xonandasi bo'lganim bilan qalbimda rok musiqachi edim. Menimcha, roker bo'lib tug'ilgan bo'lsam ham kerak. O'zi oqimga qarshi suzish, shamolga qarshi yurish mening tabiatimda bor chamasi. Doim rok uslubida, erkin musiqani ijro etishni istardim, ammo bunday qilolmasdim, chunki rokka mos ovoz yo'q edi menda. Bundan tashqari, rok O'zbekistonda endi shakllanayotgan edi, televizorda ko'rsatishmasdi, rok konsertlarga ko'p odam kelmasdi. Tog'am yozib bergan “Unutma meni” qo'shig'i meni mashhur qilgani bilan bu yo'nalish menga to'g'ri kelmasdi; o'zimni noqulay his qilardim, xuddiki, meni majburlab qo'shiq ayttirishayotganday, o'zim uchun emas, boshqalar uchun kuylayotganday his qilardim”, - deydi u.


Amerika Nargizga o'zini topishda, to'liq ifoda etishda, ichki va tashqi dunyosiga uyg'unlik kiritishda yordam berdi. U Bruklindagi restoran va klublarda qo'shiqchilik bilan kun kechira boshladi. Muxlislari kam bo’lishiga qaramay, Nargiz o'zi sevgan rok uslubida ijro eta boshladi.

“Sahnaning qayerdaligi, katta-kichikligi men uchun muhim emas. Muhimi uning hayotimda borligi. Muxlislarim kam bo'lsin, ammo aynan meni tinglash uchun kelishsin”, - deydi u.

Rossiya televideniyesining 1-kanalida namoyish etiladigan «Golos» ko'rigidan so'ng Nargiz Zokirova uchun sahna kengaydi, muxlislar ko'paydi. U nafaqat kuchli ovozi, balki o'ziga xos, noan'anaviy ko'rinishi bilan ham ko'plarni o'ziga qaratdi. Taqirboshi, badanidagi tatuirovkalar ichki dunyosini ifoda etishda erkinlikka tashna ayrim insonlarda havas uyg'otgan bo'lsa, boshqalar Nargizni o'zbek qizining, musulmon ayolning sha'niga dog' sifatida ko'rdi.

“O'zbekistonda tug'ilganim avtomatik tarzda mening musulmon bo'lishimni taqozo etardi. Ammo nazarimda men o'zga joyda va o'zga davrda tug'ilishi kerak bo'lgan kam sonli, balki ko'p sonli insonlardan biridirman. Men balki boshqa joyda tug'ilishim kerak edi. O'zimni osmondan tushgan mavjudot, o’zgacha bir inson deb bilmayman, aslo. Ammo taqdir taqozosi bilan mana shunday oq badan bo'lib tug'ildim, sochlarim ham tim qora emas edi, uzun kokillarim bo'lmagan, yuz tuzilishim ham an'anaviy o'zbek go'zallarinikiga o'xshamas edi. Ichki dunyom ham o'zgacha bo'lgan. Parvardigor meni shunday yaratgan ekanki, demak men o'zimni tabiatning mo’jizasi deb bilaman. Boshqalar uchun balki tabiatning xatosidirman”, - deydi Nargiz.

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Nargizni tabiatning xatosi deb bilganlar uni “shayton”, “kofir”, “badburush” deya haqorat qila boshlashdi, do'q-po'pisalar yangradi.

“Menga alam qilgan joyi shuki, bu izohlarning barchasi o'zbekcha familiyali odamlardan edi. Birorta ruscha, kavkazcha yoki boshqa familiyani ko'rmadim. Tashqi qiyofam bunga sabab ekanini bilaman. Meni oldin ham O'zbekistonda tushunishmagan”, - deydi u.

Nargizning onasi, Zokirovlar sulolasining yana bir mashhur namoyandasi Luiza Zokirova internetda qiziga qarshi hujumlardan hafa.

"Bunday munosabat hali ham borligini ko'rib, dilim og'riydi. Biz Zokirovlar tabiatan ko'ngli ochiq, olijanob, marhamatli, mehribonmiz. Ota-onalarimiz boshqalarning dilini og'ritmanglar deb o'rgatgan. O'zbeklarimizdan internet orqali qizim haqida, nabiralarim haqida bunday gaplarni o'qib, xafa bo'ldim. Ammo juda yaxshi, chiroyli fikrlar ham bo'ldi. Insonning shundayligini qabul qiladiganlar ham bor ekaniga xursand bo'ldim", - deydi Nargizning onasi.

Luiza Zokirova 1984-yilda katta sahnani tark etgandan beri ijodga qaytmagan, nabiralariga qaraydi.

Ammo Nargiz bunday insonlarga qarshi g'arazim yo'q, men ham hamma qatori bir xamirdan qilinganman, deydi; o’ziga xos bu qiyofa ortida muhabbatga to'la ona, farzand, buvi borligini aytadi.

Uning uch farzandi, onasi, italyan turmush o'rtog'i Filip Balzano Nargizning hayotda tanlagan yo'li uchun undan voz kechmadi. Oilada mehr hukm surishiga, Nargizning tabiatan yumshoq, shirinso'z, samimiy inson ekaniga guvoh bo'ldim.

“Onam boshqalarning tanqididan qo'rqmasdan o'zini erkin ifoda etishi menga yoqadi. Undan ko'p narsani o'rganishga harakat qilaman. Maktabda bolalar doim bir-birining ustidan kuladi, muhokama qiladi. Onam esa shuncha tatuirovkalari bilan, o'ziga xos kiyinish uslubi bilan muhokamalardan qo'rqmaydi. Bu meni ilhomlantiradi”, - deydi Nargizning kenja qizi Leyla.

“Nafrat” degan so'z menga tamoman yot. Men odamshavanda insonman. “Nafrat” bu juda ham yomon so'z. Mendan nafratlanadigan, meni la'natlaydigan odamlarga yomonlikni ravo ko'rmayman. Amerikadan oldingi hayotimni xotiramdan o'chirib yuborolmayman. Axir bu mening bolaligim, o'sha yerda tug'ilganman, u yerning nonini yeb katta bo'lganman, buyuk sulolaning vakiliman va umrimning oxirigacha bu bilan faxrlanaman”.

Hozir Nargiz vaqtini asosan Rossiyada o'tkazadi – gastrollar, televizion loyihalar, intervyular. Oilasi Amerikada qolgan, bir necha oyda ko'rishib turishadi.

“Yangi sharoitga ko'nikish oson bo'lmayapti. Hali ham ko’nikyapmiz. Sevgan insoningizdan uzoqda bo'lish qiyin. Har qanday sharoitda. Ayniqsa shou-biznesda. Doim chiroyli insonlar davrasida bo'lasiz. O'zimni noqulay his qilaman albatta, Nargizni yo'qotishdan qo'rqaman. Bu xayolga ko'nikish osonmas. Lekin Nargiz meni sevishiga ishonaman”, - deydi Nargizning turmush o'rtog'i Filip Balzano.

2012-yil AQShning sharqiy sohillarini qaqshatgan “Sendi” to'fonida Nargiz turgan mahalla ham zarar ko'rdi, ko'plar u yerdan ko'chib ketdi. Biroq Fil ota-onasining uyini tashlab ketmadi, uni ta'mirladi.

Fil ham professional xonanda. Restoran va klublarda ikkisi bir sahnada ijro etishgan. Nargizning yulduzi porlagach, katta sahnada ham birgalikda kuylash nasib etdi.

Nargizdan bir yil oldin "Golos" loyihasida Sevara Nazarxon ham qatnashib, ikkinchi o'rinni egallagan edi. Bu yili esa musiqali teletanlovning bolalalarga mo'ljallangan qismida 13 yashar o'zbekistonlik Sabina Mustayeva g'olib bo'ldi.

"Glavnaya stsena", ya'ni "Bosh sahna" ko'rigida ham marra o'zbekistonlik iste'dodniki bo'ldi – tanlovda Milano taxallusi bilan qatnashgan Sardor Eshmuhammedov jarangdor ovozi bilan hammani lol qoldirdi.

“O'zbek xonandalari haqida hozir Rossiyada duv-duv gap”, deydi Nargiz.

O'zbek estradasini yaqindan kuzatmayman, ammo Sevara Nazarxon va Yulduz Usmonova ijodlarini sevaman, Tohir Sodiqov bilan azaldan do'stmiz, deydi u.

"Men hech qachon Yulduz Usmonovaning ijodiga befarq bo'lmaganman. Bu mening O'zbekistondagi eng sevimli xonandam. Inson sifatida u g'ayrioddiy. Uning ruhiyati menga yaqin. Erkin, hurfikr, aytgan so'zlarining oqibatiga parvo qilmay haqiqatni gapirishdan qo'rqmaydigan inson, jangchi. U bugun va shu yerda yashayapti. Uning tabiati ijodida juda ham chiroyli ifoda etiladi", - deydi Nargiz.

"O'zbek tilida ham kuylaysizmi" degan savolimga Nargiz Zokirova tilni yaxshi bilmasligini, o'zbekcha navolarni ijro etishni uddalay olmasligini aytdi.

"Hamma qo'lidan kelgan ishni qilishi kerak deb hisoblayman. Inson o'zini qaysi sohada yaxshi deb bilsa, o'sha yo'ldan borishi kerak. Afsuski, buvim, onam, tog'alarim mohirlik bilan ijro etgan juda ham chiroyli o'zbek melizmlaridan bexabarman, o'rgatishmagan. O'z janrimda ham o'zbekcha kuylolmayman, chunki tilim kelishmaydi. Shuning uchun ham "Unutma meni" qo'shig'ining o'zbekcha ko'rinishini Kumush Razzoqova ijro etgan, men esa ruschasini", - deydi u.

“Marhum otam buxoro yahudiysi, onam o'zbek bo'lishiga qaramay, din masalasida o’z yo’limdan ketdim”, deydi Nargiz.

Yoshligidan tabiatni sevgani uchun uning majusiylikka qiziqishi ortdi.

"Bu dinda gunoh tushunchasi yo'q, qoidalar yo'q. Bir muhim qoidadan tashqari. Bu nafaqat butparastlik, balki boshqa dinlarga ham taalluqli qoidadir - "hech kimga yomonlik qilma". Tabiatga qarshi, inson xohishiga qarshi, hayvonot yoki o'simliklar olami irodasiga qarshi harakatlar qoralanadi", - deydi u.

Nargiz Zokirova nafaqat ovozi va tashqi qiyofasi, balki hayotga qarashlari, yashash tarzi bilan ham o'zbeklar orasida shov-shuvga sabab bo'ldi - kimdir uning muxlisiga aylandi, kimdir esa muxlis bo'lishga ulgurmasdan undan yuz o'girdi. Ammo shunisi aniqki, bir marta unutilib, yana hammaning tiliga qaytgan xonandani bu gal esdan chiqarish oson bo'lmaydi.

XS
SM
MD
LG