Amerika fazo agentligi uchun bugungi mo’ljal - Mars

  • Amerika Ovozi

NASA, AQSh fazo agentligi, muhim o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda. O’tmishdagi muvaffaqiyatlar, bugungi qiyinchiliklar va kelajak maqsadlar…

AQSh fazogiri yarim asr oldin ilk bor Yerni gir aylangan edi, 20-fevral, 1962-yil.

Safarni sog’-omon yakunlagan Jon Glenn elning suygan farzandiga aylangan. NASA 1969-yilda oyga odam uchirdi. Olamshumul yutuq.

Oradan yillar o’tdi. Kosmonavt Keydi Kolman o’tgan yili koinotda, Xalqaro Kosmik Stansiyasida bo’lib qaytdi. U NASA bilan uzoq yillardan beri ishlab keladi:

“Kosmosda odamzot yaratgan kema borligi va unda olti kishi yashab ishlayotganini o’ylasam, faxrlanib ketaman. Insoniyat uchun g’oyat muhim loyihalar ustida ishlayapti ular”.

Amerika fazo agentligi uchun bugungi mo’ljal - Mars

Amerika fazo agentligi uchun bugungi mo’ljal - Mars

Endigi orzu Marsga odam yuborish, deydi NASA rahbari Charlz Golden.

U kelasi yilgi rejalar, buning uchun kerakli byudjet haqida shunday deydi:

“Marsni tadqiq qilishga qaratilgan missiya jadal sur’atlarda davom etayapti. Robotlar, murakkab laboratoriyalar, kemalar uzoq yillik ma’lumotni jamlab olimlarga havola etmoqda. Prezident aytganidek, 2030-yillarga borib hali bu sayyoraga yetamiz”.

Maxsus texnologiya Mars sayyorasi haqida ma’lumotni Yerga uzatib turibdi. Bu noyob apparat - ilmiy laboratoriya. U joriy yilning avgustida Qizil sayyoraga yetib borishi kutilmoqda. MAVEN nomli kosmik kema esa kelasi yil boshida uchiriladi.

Inson ham Marsga qadam bosadigan kun olisda emas, deydi Keydi Kolman.

Astronavtlar Nil Armstrong va Edvin Aldrin 1969-yilning 20-iyulida “Apollo 11” kosmik kemasida Oyga parvoz qilgan.

Astronavtlar Nil Armstrong va Edvin Aldrin 1969-yilning 20-iyulida “Apollo 11” kosmik kemasida Oyga parvoz qilgan.

“Ertaga yoki indinga uchamiz demayman, garchi astoydil xohlasam-da. O’zi qayerda bo’lishidan qat’iy nazar odamzotning tabiati shunaqa ekan, sabrimiz chidamaydi. Izlanish, kashfiyotlar qilish, dunyoni ipidan ignasigacha o’rganishni istaymiz. Oydan keyin eng yaqin sayyora Mars ekan, unga intilishimiz tabiiy. Vaqti kelib, bu qizil sayyorani zabt etamiz, ungacha esa qilinadigan ishlar ko’p”, - deydi Kolman.

Keydi Kolman jon deb yana fazoga parvoz qilar edim, deydi. Koinotning qa’riga ko’z tashlagan odamni tushunish mumkin.

Masalan, Jon Glenn birinchi sayohatidan 36 yil o’tib, rekord qo’ygan. 1998-yilda 77 yoshida ko’kka uchgan birinchi kosmonavt sifatida shuhratiga shuhrat qo’shildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG