Breaking News

Marsda hayot izlab... Tadqiqotlar boshlanganiga 10 yil to’ldi


NASA, AQSh Fazo agentligi qizil sayyoraga ilk robotlarini yuborganiga 10 yil to’lmoqda. 2004-yili Spirit va Opportunity apparatlari Marsga qo’nib, tadqiqot ishlarini boshlab bergan edi.
Qizil sayyora haqida bugun nima bilamiz?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:27 0:00
Yuklab oling

Hajmi kichik mashinadek keladigan Spirit apparati 2004-yilning yanvarida Marsga yetib borgan edi. Uch hafta o’tmasdan Opportunity roboti ham sayyoraga qo’ndi.

Taxminan 100 kunlik missiyaga mo’ljallangan roverlar ancha vaqt xizmat qildi. NASA olimlariga bir dunyo ma’lumot va tasvirlar jo’natdi, deydi geolog Jon Grant.

“Bu Marsga geolog-mutaxassislarni jo’natishdek gap. Robotlar u yerni aylanib, qum va toshlar tarkibini o’rganadi, geologik xususiyatlari haqida bizga aytib beradi. Eng muhimi, planetaning hozirgi ko’rinishida suv qanday rol o’ynagani haqida bilib olamiz”, - deydi Grant.

2010-yilning martida Spirit moslamasi bilan aloqa uzildi. Ikkinchi robot esa Marsda shu kungacha 38 kilometr yo’l bosib, bebaho ma’lumotlarni uzatishda davom etmoqda. Albatta, Marsda bir paytlar suv bo’lgani bizni lol qoldirdi, deydi missiya rahbari Stiv Skvayers.

“Mars sathida va yer ostida suyuq shakldagi suv bo’lganini isbotlovchi shuncha ashyoviy dalillar topamiz deb hecham o’ylamagandim”, - deydi u.

NASAning Mars tadqiqotlar programmasi rahbari Deyvid Laverining aytishicha, marsoxodlar uchun yaratilgan texnologiya bugun boshqa sohalarda ham qo’l kelayapti.

“Google kompaniyasi o’zini o’zi boshqaradigan mashinalar ustida ishlayotgani haqida xabaringiz bor. Bu texnologiya, hatto uni kashf qilgan olimlar Mars programmasi xodimlari bo’lgan. Robotlarni yaratishda ularning hissasi katta edi”, - deydi u.

2012-yilning avgustida NASA Marsga Curiosity apparatini qo’ndirdi. Kichik mashinadek keladigan bu robot yadroviy reaktordan energiya oladi va shu sabab uzoq yillar xizmat qilishi kutilmoqda. 2020-yilda qizil sayyoraga yana bir vositani va keyinchalik fazogirlarni yuborish rejada.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG