Breaking News

Tub aholi vakillari uchun maxsus kollejlar


"Sitting Bull" kolleji, Shimoliy Dakota
"Sitting Bull" kolleji, Shimoliy Dakota

Barak Obama ma’muriyati tub aholi, hindular yashovchi maxsus hududlarda ta’limni yaxshilashni ustuvor vazifalardan qilib belgiladi. 3-dekabrda Oq uyda hindu yetakchilar bilan yillik mashvaratda ham shu mavzu ko’rildi.

Sitting Bull kollejida atrof-muhitni o’rganayotgan magistrant Luis Voking Elk bilimini rezervatsiyada yashovchi hindularga bag’ishlamoqchi. Oilasida kollejga kirgan birinchi vakil u:

“Ota-onam o’qigin, o’rgangin deb doim dalda berib kelgan. Ayniqsa, otam. O’zi maktabni tamomlamagan. Men qilgan xatoni sen takrorlama, deydi”.

Shimoliy Dakotada tub aholi yashovchi maxsus hududda qad ko’targan kollej Qo’shma Shtatlardagi bu kabi sanoqli dargohlardan. Hindular uchun chamasi 30 kollej ishlab turibdi mamlakatda.

Qariyb 300 bola, jumladan, talabalar yo’lboshchisi Dakota Kidder davlat moliyalovchi bu dargohni tamomlayapti. Ular hindularning faqat 10 foizi oliy ma’lumotli degan tasavvurga barham bermoqchi. Juda quyi ko’rsatkich bu.

“Rezervatsiyalarda muammolar talay. Sitting Bull kolleji ma’muriyati talabalar vaqtida o’qishi, darslarni qoldirmasligi uchun hamma sharoitni yaratib qo’ygan”, - deydi Kidder.

Maqsad esa iloji boricha ko’proq hindular kollejga kirishi, diplomli bo’lishini ta’minlash, deydi dargoh prezidenti Lorel Vermillion.

“Ko’plari oilasida o’qishga kirgan birinchi avlod. Ota-onasi oliy ta’lim haqida oldindan biror ma’lumot berolmaydi, tayyorlay olmaydi bolani. Rezervatsiyadan chiqib talabalar shaharchasiga keladi-yu, bu bolalar shoshib qoladi”.

Vermillionning aytishicha, aksariyati ularni yo’naltirib turishlarini, hayotdan maqsadni topishni istaydi.

Kollejda texnik fanlar yo’nalishiga, neft qazib olish sohasiga masalan yigitlarni ko’proq jalb qilishga harakat qilayapmiz. Hozir yigit va qizlar nisbati 30 ga 70.

Skott Deyvis - Shimoliy Dakotada hindular masalalari bo’yicha komissiya raisi. Ta’limdagi bu uzilish barham topishi kerak, deydi u. Kollejda kasbiy yo’nalishni rivojlantirish uchun salmoqli mablag’ kiritish kerak.

“Ish bor. Shimoliy Dakotada hozir 22 mingdan 25 minggacha ish o’rni bor. Chekka shaharlarda odam yetishmayapti. Shu bilan birga, ayrim qabilalarda haqiqatda odamlar ish topa olmay, tirikchilik qila olmay yurgani rost”, - deydi Deyvis.

Deyvis tub aholiga atalgan kollejlarni haqiqiy xazina deb biladi. Odamlarni ishli, kasbli qiladi, g’ariblikdan xalos qiladi bu ta’lim maskanlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG