Tub aholi yosh avlod ravnaqi yo'lida Oq uydan yordam so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika tub aholisi orasida savodsizlik, qashshoqlik, giyohvandlik va ichkilikbozlik keng tarqalgan. Qabilalarning yetakchilari federal hukumatga murojaat qilib, ko’proq mablag’ va yordam so’ramoqda.

Shimoliy Dakota shtatida ekologiya sohasida o’qiyotgan 22 yoshli Maurianna Loretto jamiki muammolarning kaliti ta’lim, sifatli bilim, deydi. Yoshlar, qay elat vakili bo’lmasin, o’qisagina yo’lini topadi.

“Qayoqqa qaramang, muammo. Ulardan chiqish yo’llarini qidirishimiz kerak. Chiqa olmayman deb o’ylaydiganlar adashadi va hayoti ham og’irlashaveradi. Odamlarni ilhomlantiradigan omillar kerak”.

Ilhom, ishonch qayerdan keladi? Tub aholining deyarli yarmi qashshoq. Yillik daromadi 20 ming dollarga yetmaydi. Bu bilan esa kun ko'rish qiyin. Yoshlar ular orasida ko’pchilik. 10-24 yosh orasida o’zini o’ldirayotganlar katta sonni tashkil etadi. O’qishni tashlab ketish tabiiy holga aylangan.

Oq uy e’lon qilgan hisobotda qayd etilishicha, federal hukumat ajratgan mablag’ maqsadga muvofiq ishlatilmagan. Millionlab dollar isrof qilingan yo boshqa yo’nalishlarga ketgan. Iqtisodiy taraqqiyot va ta’lim sohasida katta imkoniyatlar boy berilgan. Mas’uliyat, hisobdorlik darajasi past.

Tub aholi farovonligi uchun javobgar vazirlik rahbari Salli Juvel deydiki, tegishli agentliklar ishi qayta ko’rib chiqilmoqda. Ta’lim sohasi uchun 1 milliard dollar zarur.

“Tizimlarni isloh qilayapmiz, ayniqsa maorif va ta’lim bo’yicha yangi strategiyani ishga solayapmiz. Biroq bu kam. Mablag’ oz. Maktab va kollejlar bunyod etish kerak, eskilarini ta’mirlash lozim”,- deydi vazir.

Prezident Barak Obama hindu qabilalari huzuriga borib, ular yashaydigan maxsus hududlardagi vaziyatni o’z ko’zi bilan ko’rganini, aholi har tomonlama madadga muhtoj ekanini aytib, ularga bergan va’dalarining ustidan chiqishga bel bog’lagan. Ta’lim olish, kasb-hunarli bo’lish, yetakchilik… Hindular kelajakka ishonishi kerak, deydi u.

“Amerikada har bir yosh hayot va zamon sinovlariga tayyor turishini xohlaymiz. Siz kim bo’lishingizdan qat'i nazar, hindumi yo boshqa… Siz uchun mablag’ ajratishimiz, sizning manfaatingizni ko’zlashimiz biz uchun burch. Siz ham harakat qiling, biz ham harakat qilamiz. Sizning yutug’ingiz - bizning yutug’imiz. Xalqimiz, davlatimiz sizning ishlaringizdan foyda ko’rsin”.

Brayan Moskveta Viden, tub aholi yoshlar tashkiloti rahbari, men qoloqman deb yashash insonga yarashmaydi, deydi.

“Yoshlarimiz oldidagi vazifasini bilsin. Taqdiri o’z qo’lida ekanini anglasin. Hukumatga dardimizni aytamiz, haqqimizni so’raymiz va o’zimiz ham harakat qilamiz. Faolroq bo’laylik”,- deydi Moskveta.

Oq uyda yoshlar uchun o’tkazilgan festivalda hindularning 36 maktabidan vakillar qatnashdi. Tub aholi soni besh milliondan oshadi. Maxsus hududlarda yashaydi va o’z mahalliy hokimiyatlariga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG