Breaking News

Prezident Obama Lissabonga NATO sammitiga yo'l oladi


Prezident Obama Lissabonga NATO sammitiga yo'l oladi
Prezident Obama Lissabonga NATO sammitiga yo'l oladi

Anjumanda Afg'onistondagi vaziyat, NATO-Rossiya munosabatlari, alyans kelajagi muhokama etiladi.

Prezident Barak Obama hafta oxirida Lissabonda bo'lib, NATO sammitida ishtirok etadi. Bundan tashqari, AQSh rahbari Yevropa Ittifoqi va Rossiya rasmiylari bilan ham muzokara qiladi. NATO sammitida Afg'onistondagi jarayonlarga baho beriladi, Rossiya bilan munosabatlar ko'rilib, alyans kelajagi muhokamada bo'ladi.

Sammitda yana bir jiddiy masala ko'rib chiqilishi mumkin. Kun tartibidan joy olmagan bo'lsa-da. Bu - AQSh siyosati. Demokratlar partiyasining oy boshidagi saylovlarda mag'lubiyati AQSh tashqi siyosatiga qanday ta'sir qilishi NATOga a'zo davlatlar rahbarlarini o'ylantirib qo'ygan.

Jorj Vashington universitetida siyosatshunos-professor Jeyms Goldgayerning aytishicha, hozir ittifoqdosh davlatlar ham, Rossiya ham buni bilmoqchi.

"Yangi siyosiy ahvol Obamaga oldiga qo'ygan maqsadlarga erishishda qanchalik ta'sir qilishi mumkin?"

Vashingtonlik yana bir tahlilchi Maykl O'Xanlon nazarida mamlakat ichidagi siyosiy mag'lubiyat xalqaro masalalarda prezidentga halaqit bermaydi.

"Obama hali ham dunyodagi eng qudratli davlat oliy qo'mondoni, xorijda hurmati baland. Dunyodagi ko'p masalalar AQShsiz bitmaydi, jumladan Afg'onistonda", - deydi mutaxassis.

Afg'on urushi kun tartibidagi eng muhim masala bo'ladi. Joriy yil alyans qo'shinlari uchun eng qonlisi bo'ldi. Biroq shu bilan birga ancha jangarilar yo'q qilindi, ko'zga ko'ringan toliblar qo'lga olindi. NATO yutuqlar bor demoqda.

Prezident Obama Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar yo'llab, umumiy qo'shinlar sonini 100 mingga yetkazgan edi. Kelasi iyuldan esa harbiylar Afg'onistondan chiqa boshlaydi. 2014-yilda aksariyati tark etishi kutilmoqda.

Yaqinda Kanadaning so'nggi askari vataniga qaytdi, Niderlandiya esa 2011-yilda afg'on missiyasini yakunlamoqchi.

Lissabonda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ham bo'ladi.

1980-yillarda Afg'oniston urushidan achchiq saboq olgan Rossiya AQShga askarlar bilan yordam bermasligi aniq. Ammo, deydi Maykl O'Xanlon, alyans uchun mo'ljallangan yuklarni o'z hududi va Markaziy Osiyo orqali o'tkazishga ko'maklashib, katta hissa qo'shmoqda.

"Afg'onistonda koalitsiya 140 ming qo'shinga ega ekanini hisobga olsak, bu juda ham katta madad. Ayniqsa, Pokiston bilan bu boradagi muammolar fonida. Rossiya Pokistonga qarab qolmasligimizga yordam beradi", - deydi O'Xanlon.

Medvedevning Lissabonga tashrifi chog'ida Rossiya-NATO munosabatlari hamda Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimi ham muhokama qilinadi. Rossiya o'tmishda AQSh rejasiga e'tiroz bildirgan, biroq Qo'shma Shtatlar unga tuzatishlar kiritib, sistema qit'ani Eron yadro hujumidan himoya qilishga qaratilgan demoqda.

Tahlilchi Jeyms Goldgayer nazarida agar sistema bo'yicha kelishuvga Obama prezidentligi davrida erishilsa, AQSh rahbari uchun katta g'alaba bo'ladi.

"Bundan tashqari, Eron uning atom dasturi Rossiya kabi ittifoqchisi uchun ham tahdid ekanini ko'rgan bo'lardi", - deydi siyosatshunos.

Lissabon sammitida NATO rahbarlari alyansning kelgusi faoliyatini belgilovchi yangi strategiya xususida fikr almashadi. Undan kiberxurujlar va kiberterrorizm kabi yangi tahdidlarga qarshi kurash usullari o'rin olgan.

Vashingtonga qaytishdan oldin prezident Obama Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan ham uchrashib, iqtisodiy mavzular, AQSh-Yevropa Ittifoqi hamkorligi, valyuta siyosati, savdo, taraqqiyot va xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG