AQSh generali: "Afg’onistondan butunlay ketmaymiz"

  • Amerika Ovozi

Afg'on askarlari

Afg'on askarlari

Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya qo’mondoni, AQSh generali Jon Allen so’zlariga ko’ra, xavfsizlikni mahalliy kuchlar zimmasiga topshirish – qat’iy qaror.

O’tgan hafta AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta aytgan gaplar ko’pchilikni ajablantirdi.

“Afg’onistondagi jangovar harakatlarni 2014 emas, kelasi yilda to’xtatamiz”, - dedi u. Oq Uyga ko’ra, bu hali aniq emas.

General Jon Allen Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga o’tgan yilning yozidan beri qo’mondonlik qilmoqda.

Bugungi asosiy vazifa, deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, afg’on armiyasi malakasini oshirish, toki u Tolibonga qarshi turib bera olsin.

Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya qo’mondoni general Jon Allen

Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya qo’mondoni general Jon Allen

Bu maqsadga erishish esa oson emas. Toliblar jon-jahdi bilan kurashni davom ettirmoqda. Afg’on zobitlarida esa shijoat bor-u, lekin jangovar malaka-bilim juda sayoz.

Mudofaa vaziri Leon Panetta o’tgan hafta qilgan chiqishida Amerika zobitlari 2013-yil oxirida harbiy missiyani tugatadi deb aytdi.

Bu 2010-yil Portugaliya poytaxti Lissabonda o’tgan sammitda belgilangan sanadan bir yil ertadir. Panettaning gapi xorijda ko’plarni hayron qoldirdi.

General Allen amaldagi rejani shunday tushuntiradi:

“Lissabon kelishuvi hamon kuchda qolmoqda. O’sha strategiya va rejaga sodiqmiz. Afg’onistonda 2013-yilda ham ishni davom ettiramiz. Afg’on Milliy Xavfsizlik Kuchlarini qo’llab-quvvatlab boramiz. Lissabon sammitida aytilganidek, u yerni 2014-yilda tark etamiz”.

Bundan tashqari, deydi u, mamlakat xavfsizligini ta’minlash kelasi yil o’rtalariga borib to’laligicha mahalliy qo’shin zimmasiga o’tgach ham xorij askarlari ularga yordam berishda davom etadi.

AQSh generali: "Afg’onistondan butunlay ketmaymiz"

AQSh generali: "Afg’onistondan butunlay ketmaymiz"

“Jangda mutlaqo qatnashmaymiz deyish noto’g’ri. Yoki olishuvlar butunlay to’xtaydi deya olmaymiz. Chunki dushman tinim bilmayapti, ayovsiz jang qilayapti. Maslahat va treyning bilan yordam berayotgan kuchlar doimo kurash maydonida bo’lgan, unda bevosita qatnashgan”, - deydi u.

General toliblar osonlikcha taslim bo’lishiga ishonmaydi. U o’tgan hafta Britaniya matbuoti qo’liga tushib, gazetalarda paydo bo’lgan AQSh maxfiy hujjatlari borasida xulosa qilishga shoshmaydi.

Hujjatda aytilishicha, asirdagi jangarilar Tolibon tobora kuchayib borayotganini da’vo qilgan.

“Qo’limizga tushgan jangarilar o’zini kuchli ko’rsatib, 2014-yilgacha panada o’tiribmiz, keyin chiqamiz, deyishi tabiiy. Ochig’ini aytish kerak, bu xomxayol, chunki 2014-yildan keyin ham Afg’onistonda mahalliy qurolli kuchlarga yordamchi xalqaro qo’shin bo’ladi”, - deydi Allen.

2014-yildan keyingi yordam asosan hukumat va xavfsizlik kuchlarini oyoqqa turg’azishga sarflanadi.

Lekin general Jon Allen va boshqa harbiylar hamda siyosatdonlar kichik jangovar bo’lim Afg’onistonda qolishi kerak, deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG