Breaking News

NATO: Tolibonning afg'on armiyasi safiga suqilib kirayotgani haqidagi vahimalar asossiz


NATO so'zlovchisi general Gyunter Katz
NATO so'zlovchisi general Gyunter Katz
Afg’onistonda o’tgan bir hafta ichida kamida yetti nafar xorijlik askar o’ldirildi. NATO bayonotiga ko’ra, bu kabi voqealar Afg’oniston xavfsizligini mahalliy kuchlar qo’liga 2014-yilgacha topshirish rejasiga to’siq bo’la olmaydi.

Koalitsiya kuchlarining ma’lum qilishicha, afg’on askarlari tomonidan NATO harbiylariga qarshi bo’layotgan xurujlarni to’xtatish uchun barcha choralar ko’rilmoqda. NATO so’zlovchisi general Gyunter Katz so’zlariga ko’ra, mahalliy kuchlar orasiga suqilib kirgan jangarilar hujumlari Tolibon da’vo qilganidek ko’p emas.

“Shu kungacha bunday hodisa faqat 27 marta sodir etildi, xolos. 37 xorijiy askar halok bo’lgan. Bu kabi ko’ngilsiz voqealarning aksariyati unga qo’l urganlar hayotidagi shaxsiy muammolar, urush qiyinchiligi va tushkunlik kabi holatlar bilan bog’liq”, deydi NATO rasmiysi.

Generalning aytishicha, bu umumiy vaziyatga aloqasi bo’lmagan bir-biridan ayri hodisalardir.

“To’g’ri, 27 marta shunday voqeaga duch keldik. Masalaga jiddiy qaraymiz. Lekin yarim million afg’on askar va politsiyachilari biz bilan birga kurashayotganini unutmaylik. Barchamizning maqsadimiz bir. Shu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o’rnatish”, deydi general.

NATO vakilining aytishicha, armiya va politsiya safiga yangi a’zolarni yollash jarayoni yanada jiddiyroq nazorat ostiga olinmoqda. Shuningdek, xorijlik askarlarga mahalliy xalq madaniyatini yaxshiroq tushuntirish bo’yicha sa’y-harakatlar olib borilyapti.

AQShning Afg’onistondagi yangi elchisi Jeyms Kaningem ham NATO kuchlariga mahalliy askarlar tomonidan hujumlar soni oshayotganini xavotir bilan tilga oladi.

Kelajakda bu kabi hodisalarning oldini olish uchun Qo’shma Shtatlar afg’on hukumati bilan yaqindan ish olib boradi, deydi elchi.

“Bu hol, albatta, bizni ham tashvishga soladi. Nega bunday bo’layotganini tushunishga harakat qilyapmiz. Ishonchimiz komilki, buning bir necha sabablari bor”, deydi amerikalik diplomat.

Juma kuni ro’y bergan ikki qonli xurujda olti nafar amerikalik askar halok bo’lgan. Janubiy Hilmand viloyatida mahalliy politsiya rahbari AQSh harbiylarini birga ovqatlanish uchun taklif qilib, uchrashuv paytida ularni otib tashlagan.

Juma oqshomi ro’y bergan ikkinchi hodisada esa NATO bazasida ishlovchi bir afg’on fuqarosi amerikalik uch askar hayotiga zomin bo’ldi.

Shuningdek, bugun Afg’onistonning Nimro’z viloyatida bir necha jangari o’zini portlatishi oqibatida kamida 25 kishi nobud bo'lgan. Xurujlar viloyat ma’muriy markazi Zaranjning bir necha qismida ketma-ket sodir etilgan. Qariyb 50 odam jarohat olgan. Hujumlarda uch odam qatnashgani ma’lum.

Nimro’z viloyati Eron va Pokiston bilan chegaradosh bo'lib, Afg’onistonning boshqa hududlariga qaraganda ancha tinch hudud sanalar edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG