NATO afg'on kuchlari tayyorgarligidan mamnun

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton NATO tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashmoqda, Bryussel, 4-dekabr, 2012-yil.

Xillari Klinton NATO tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashmoqda, Bryussel, 4-dekabr, 2012-yil.

NATO Afg’onistonda xavfsizlik bobida katta yutuqlarga erishgani haqida ma’lum qilmoqda. Koalitsiya kuchlarining qo’mondoni general Jon Allen bu haqda NATO tashqi ishlar vazirlariga hisobot berdi. Tafsilotlar bilan Odil Ruzaliev.

TEXT
AQSh generali Jon Allen NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlariga teleko’prik orqali murojaat qilib, Afg’onistonning shu kungacha mahalliy kuchlar nazoratiga o’tgan hududlarida zo’ravonliklar keskin kamayganini aytdi. Bu hududlarda mamlakat aholisining 70 foizi yashaydi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning Bryusselda o’tgan majlisda aytishicha, alyans Afg’onistonda xavfsizlik bo’yicha nazoratni kelasi ikki yilda mahalliy kuchlarga topshirishga hozirlanar ekan, ish belgilangan jadval bo’yicha ketmoqda.

"Strategiyamiz samara berayotganini ko’rib turibmiz. Jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Afg’on xavfsizlik kuchlari vazifani a’lo uddalamoqda", - dedi Rasmusen.

Shunga qaramay, NATO rasmiylarining tan olishicha, Tolibon hali ham jiddiy kuch, yirik hujumlar uyushtirishga qodir. 2014-yil oxirigacha koalitsiya qo’shinlari mamlakatni birin-ketin tark etishi kutilsa-da, NATO harbiylarining bir qismi Afg’onistonda qolishi ma’lum. Ular mahalliy armiya va politsiyani tayyorgarlikdan o’tkazadi, maslahat beradi, ayrim operatsiyalarda hamkorlikda ishtirok etadi.

Bryusseldagi majlisda AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham qatnashdi. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga 2014-yildan keyin ham yordam berishda davom etadi.

Bu o’rtada esa, deydi Klinton, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar o’zaro kelishib, mojaroga barham berishi lozim.

"Buning uchun ular zo’ravonlikdan voz kechishi, siyosiy jarayonlarga qo’shilishi, barqarorlikni ta’minlashi, inson huquqlarini e’zozlashi zarur", - deydi AQSh davlat kotibasi.

Matbuotdagi xabarlardan ma’lum bo’lishicha, Qo’shma Shtatlar afg’onlar orasida tinchlik jarayonini jonlantirish uchun yangi tashabbus bilan chiqqan. Bryusseldagi NATO majlisi doirasida Klinton rejani Pokiston tashqi ishlar vazirasi bilan muhokama qilgan.

Biroq bu tashabbusga yangi yildan so’ng yangi davlat kotibi bosh-qosh bo’ladi. Klinton Obamaning birinchi prezidentlik muddati yakunida iste’foga chiqishiga ishora qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG