NATO: Xarajatlarni kamaytirish, samaradorlikni oshirish kerak

  • Amerika Ovozi

Chikagodagi sammitda NATO, Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti birinchi navbatda Afg’onistondan chiqish haqidagi qaror qat’iy ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga 28 davlat vakili tashkilot kelajagini muhokama qildi va qiyin iqtisodiy vaziyatda NATO faoliyatini davom ettirajagini aytdi.

Yakuniy bayonotda NATO qo’mondonligi xarajatlarini kamaytirib, uning samaradorligini oshirish, buning uchun a’zo davlatlar byudjetini yaxshiroq taqsimlash kerakligi qayd etildi.

Qo’shma Shtatlar alyans mudofaa sarfiyatining to’rtdan uch qismini ko’tarib keladi. Vaholanki, Mudofaa vazirligi, Pentagon. kelasi 10 yilda xarajatni 487 milliard dollarga kesmoqchi va e’tiborni Osiyo mintaqasidagi muammolarga qaratmoqchi.

Vashington e’tirozi shuki, ittifoqchilar o’z iqtisodiy bosho’g’riqlari bilan bo’lib mudofaaga ko’proq hissa qo’shmayapti.

“NATO Qo’shinlari 2020” tashabbusi zamonaviy, bir-biri bilan uzviy bog’liq, turli vaziyatda hamkorlikda ishlay oladigan kuchlarni nazarda tutadi.

Chikagodagi sammit, 21-may 2012

Chikagodagi sammit, 21-may 2012

Harbiy blok rahbarlari ta’kidicha, xavfsizlikka tahdidlar va moliyaviy qiyinchiliklar davrida tashkilot ahamiyati oshmoqda.

Bosh kotib Anders Fog Rasmussen NATOning Atlantika Kengashida tashkilot tamoyillarini tilga oldi.

“Birgalikda biz NATOning kelajakdagi tahdidlarga javob berish qudratini saqlab qolamiz”, - dedi u. “Yangi hamkorlik madaniyatini qo’llashimiz va bu bilan barcha fuqarolarning xavfsizligini kamroq mablag’ sarflagan holda ta’minlashimiz zarur”, - dedi bosh kotib.

O’tgan yili Liviyada olib borilgan harbiy operatsiyalar muvaffaqiyat sifatida tilga olindi. Bu missiya tashkilotning murakkab amaliyotlarni tez va samarali amalga oshirish salohiyatini isbotladi, deyiladi NATO bayonotida.

Prezident Barak Obama fikricha zamon talablari o’zgarsa-da, NATOning “umumiy xavfsizlik, erkinlik va farovonlik”ni ta’minlash maqsadi o’zgarmagan.

“Zamon yaxshi bo’ladimi, qiyinmi, tashkilot faoliyatini davom ettirdi. Aslida, u hatto rivojlandi ham. Chunki biz fuqarolarimizning erkinligi va xavfsizligini ta’minlash vazifasiga sodiq qolyapmiz”,- dedi AQSh prezidenti.

Yakuniy bayonotda ko’plab boshqa masalalar ham qayd etiladi: Kosovodagi tajriba - NATO 1990-yillarda sobiq Yugoslaviyadagi urushga aralashib tinchlikni ta’minladi; Hind okeanida qaroqchilikka qarshi sa’y-harakatlar; notinch Somalida Afrika Ittifoqi qo’shinlariga transport bobida ko’rsatilayotgan yordam; Iroqda armiyani tayyorgarlikdan o’tkazish; Eron va Shimoliy Koreya solayotgan tahdiddan himoya tizimi va Rossiya bilan kelishmovchiliklarni hal etish.

Alyansga qo’shilish niyatida bo’lgan davlatlar, xususan, Bosniya va Gersogovina, Makedoniya, Tog’li Qorabog’ va Gruziya bilan hamkorlikni davom ettirish kerakligi aytiladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton NATO “ochiq eshiklar” siyosatiga sodiq, deydi.

NATO 63 yoshda, 28 a’zosi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG