NATO: Ukrainada ayirmachilar safida jang qilib o'layotgan rus askarlari soni kattagina

  • Amerika Ovozi

Ukraina sharqi

Ukraina sharqi

NATO rasmiysining aytishicha, Ukraina sharqida ayirmachilar safida jang qilib o'layotgan rus askarlari soni kattagina.

Harbiy alyansning Bosh kotibi muovini Aleksandr Vershbou Latviyada o'tgan anjumanda ana shu haqda so'zladi.

Uning aytishicha, g'azabnok Rossiya xalqaro qonunlarni oyog'osti qilib, Ukrainaning tinchini buzishda va qo'shnilarni qo'rqitishda davom etayapti. Bunday Rossiya G'arbdagi harbiy alyans oldida turgan yangi tahdiddir, deydi u.

Vershbouning nutqi Amerika Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha muovini Viktoriya Nuland Kongressdagi qo'mitada qilgan chiqishidan bir kun o'tib yangradi. Nulandning aytishicha, Rossiya Ukraina sharqiga ming-minglab askarlar va qurol-aslaha jo'natgan.

AQSh generali Ben Hodjes hisobicha, joriy haftaning o'zida taxminan 12 ming rus askari sharqdagi ayirmachilarni qo'llab-quvvatlayapti.

Rossiya rasmiylari kechagi bayonotida bu raqamlarni rad etdi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aleksandr Lukashevich nazarida Amerika bu raqamlarni ichidan to'qib chiqarayapti va shu bilan jahon hamjamiyatini aldayapti.

Rossiya Mudofaa vaziri muovini Anatoliy Antonov bu bayonotni eshitib, nega endi faqat 12 ming, balki 20 ming, 25 ming askar bordir, deya mayna qilgan.

NATO mulozimi Vershbou esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maqsadi Ukrainani g'arib bir davlatga aylantirish va shu tariqa Rossiyadagi muxolif fikrlarni qo'rqitib o'chirish.

Uningcha, alyans va Yevropa Ittifoqi Ukraina, Gruziya va Moldova hamda boshqa davlatlar bilan hamkorlikni oshirishi nihoyatda muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG