Britaniya Liviyada NATO operatsiyalarida uzoq qatnasha olmaydi

  • Amerika Ovozi

Tripoli

Tripoli

NATO qisqa tanaffusdan keyin Liviya poytaxtini havodan nishonga olishda davom etmoqda. Guvohlar shahar markazida kuchli portlash yangrab, atrofni qora tutun qoplaganini aytadi.

Rasmiy matbuot xabariga ko’ra, alyans aholi turar-joylariga ham ziyon qilib, bir necha kishini o’ldirgan.

Mart oyida operatsiya boshlanganidan beri alyans Tripoli va uning tevaragini bombardimon qilib keladi. NATO Muammar Qaddafiyga xayrixoh kuchlarni urar ekan, isyonchilar poytaxtga yaqinlamoqda. Oxirgi bir necha kunda ular Misrata shahridan chiqib, armiya qo’lidagi Zlitan shahri sarhadlariga yetib borgan.

Shuningdek, Liviya qurolli kuchlari seshanba kuni Tunis bilan chegarada muxolifatga raketa otgan. Qo’zg’olon chetga chiqar ekan, o’tgan oy ham armiya qo’shni bu davlatga qarata o’t ochgan edi. Tunis armiyasi hujumni qaytargan, hukumat esa masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirib, Liviyani “dushmanona harakatda” ayblashini aytgan.

Hafta boshida Kanada Liviyada muxolifat tuzgan boshqaruv kengashini rasman tan oldi. Shu paytgacha Germaniya, Fransiya, Italiya, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari oppozitsiya hokimlikka munosib deya e’lon qilgan edi.

Obama ma’muriyati AQShning Liviyadagi harbiy reydlarda ishtiroki borasida tez kunda hisobot berishi kutilmoqda.

Prezident yil boshida Kongressdan fikr so’ramay Liviya ahlini himoya qilish yo’lida qurolli chora ko’rishga jazm etgani tanqid ostida. Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner Oq uyni o’zboshimchalikda ayblab, davlat rahbariga xat yo’llagan.

1973-yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, AQSh prezidenti harbiy qarorlari haqida Kongressni 48 soat ichida boxabar qilishi kerak. Biz bu operatsiyaga ruxsat bermaganmiz, shu bois armiya harbiy reydda 60 kundan ortiq qatnashishi man qilinadi va 30 kunda vatanga qaytarilishi kerak, deydi spiker.

Beynerning aytishicha, kelayotgan yakshanba 90 kunlik muhlat nihoyasiga yetadi, demak, Obama jumaga qadar xalqqa tushintirish berishi lozim.

NATO Qaddafiy armiyasi va harbiy ob’yektlarini nishonga olishda davom etmoqda. Qo’shma Shtatlar esa jangovar samolyotlarni yoqilg’i bilan, razvedka ma’lumoti bilan ta’minlashda hal qiluvchi rol o’ynamoqda.

Britaniya kuni-kecha operatsiyada uzoq ishtirok eta olmasligi haqida ogohlantirdi. Byudjetning u yer, bu yeridan kesish kerak, deydi harbiylar.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bugun Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg bilan uchrashib, shu mavzuda gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG