NATO Yevropani raketa hujumidan mudofaa qilish sistemasini sinadi

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Yevropani raketa hujumidan mudofaa qilish sistemasi sinovdan muvaffaqiyatli o'tgani haqida ma'lum qilmoqda. Shu oy Chikagoda NATO sammiti kutilar ekan, Rasmussen ballistik raketaga qarshi mudofaa tizimi xizmatga tayyor ekani haqida rasman e'lon qilmoqchi. Sistema cheklangan, biroq mukammal tizimni yaratish yo'lida birinchi qadamdir, deydi u.

Rasmussenning aytishicha, dunyoda 30 dan ziyod davlat ballistik texnologiyaga ega. Har bir mojaroni avvalambor diplomatik yo'l bilan hal etishga harakat qilamiz, biroq ish bermasa, alyans bosqinchiga qarshi keskin chora ko'rishga tayyor, deydi NATO bosh kotibi.

Rossiya sistemani o'ziga tahdid deb, unga qarshi.

NATO sammitida asosan Afg'oniston masalasi ko'riladi. Qo'shma Shtatlar yaqinda bu davlat bilan strategik hamkorlikka doir bitim imzolagan. Hujjat xalqaro qo'shinlar mamlakatni 2014-yil oxirigacha tark etgandan so'nggi davrni o'z ichiga oladi.

Rasmussenning aytishicha, Pokiston AQSh va NATO uchun ta'minot yo'llarini ochmasa, sammitga taklif etilmaydi. Biroq NATOga a'zo bo'lmagan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari sammitda ishtirok etadi.

O'tgan yil noyabrida Qo'shma Shtatlar havo hujumida 24 pokistonlik askar o'lgach, rasmiy Islomobod Afg'onistonga yetaklovchi tranzit yo'llarini yopib, AQShdan voqea uchun uzr so'rashni talab qilgan edi. Qo'shma Shtatlar fojia tushunmovchilik bois ro'y berganini aytgan, biroq uzr so'rashdan bosh tortgan.

Biroq Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xarning aytishicha, AQSh bilan aloqalarni yaxshilash vaqti keldi. Bosh vazir Yusuf Rizo G'iloniy AQSh rasmiylari bilan tranzit yo'llarini ochish xususida jiddiy muzokara ketayotgani haqida xabar berdi.

"Muloqot konstruktiv kechmoqda, natija berishi mumkin", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG