NATO tezkor qo’shin tuzishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning Uels o’lkasidagi Nyuport shahrida bugun NATO, 28 davlatni o’z ichiga olgan harbiy blok, o’z sammitini boshlaydi.

Ukraina mojarosi, xususan Rossiya unga tobora ochiqchasiga aralashayotgani kun tartibidagi bosh mavzu. Kecha Estoniyada qilgan nutqida AQSh rahbari Barak Obama Rossiyani Ukraina suverenitetiga oyoq bosganlikda tanqid qildi. NATO doirasida tezkor qo’shin tuzish haqida kelishib olinadi.

Katta yo’lda Ukraina harbiy kolonnasi qonga belanib yotibdi… Rossiya quvvatlovchi separatistlar qo’qqisdan hujum qilgan unga.

Ukraina sharqidan kelayotgan bu kabi tasvirlar, separatistlar safida mingdan ortiq rus askarlari jang qilayotgani haqidagi ma’lumotlar NATOni chora ko’rishga undamoqda. Rossiya bilan chegaradosh davlatlarga ikki kundayoq safarbar etsa bo’ladigan qo’shin tuzish rejada.

Kelasi oylar ichida Ukraina, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Germaniyada harbiy mashqlar o’tkaziladi.

“Qo’shma Shtatlar harbiy alyans qarorlarini qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest. Bu degani, AQShning Yevropadagi qo’shinlari bu mashqlarda qatnashadi, Vashington NATOga moliyaviy hissasini ham oshirishi mumkin.

Sammitda tezkor guruh tuzish qarori tasdiqlansa, bir necha davlatdan minglab askar kiradi unga. "Kelajakda uni yanada kengaytirishimiz mumkin”, - deydi alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

Rossiya ham, o’z navbatida, “harbiy strategiyamiz NATOning so’nggi qarorlariga qarab o’zgaradi” deya ma’lum qildi.

“Amerika yaxshisi Kiyevdagi urushqoq sherigining jilovini tortib qo’ysin”, - deya ta’kidladi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Pentagon rasmiylari bunga javoban Ukraina sharqida rus askarlari jang qilayotgani provokatsiya emasmi, deya so’raydi.

Boltiqbo’yi mamlakatlari nazarida tezkor qo’shin tuzish bilan Rossiya agressiyasini to’xtatib bo’lmaydi.

Estoniyaning Vashingtondagi elchisi muovini Tanel Sepp deydiki, NATO va Qo’shma Shtatlar sharqiy Yevropada uzoq muddatli bazalar ochishi, Rossiyaga javob qaytarishga hozir ekanini namoyish etishi lozim.

Tallinda Litva, Latviya va Estoniya rahbarlari bilan muloqot qilgan Barak Obama regionga qo’shimcha harbiy samolyotlar yuborilishini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG