Jeyms Appaturay: "NATO-Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochilyapti"

  • Amerika Ovozi

Jeyms Appaturay, NATO bosh kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo'yicha vakili

Jeyms Appaturay, NATO bosh kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo'yicha vakili

NATO bosh kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Jeyms Appaturayning aytishicha, alyans o'z vazifalari va ish uslubini qayta ko'rib chiqmoqda. Rossiya bilan hamkorlik misli ko'rilmagan darajada, deydi u. Markaziy Osiyo bilan ham o'zaro manfaatli dasturlar amalga oshirilyapti. NATO rasmiysi bu haqda Vashingtonga tashrifi chog'ida so'zladi.

Jeyms Appaturay NATO oldida turgan yutuq va muammolar haqida so'zlar ekan, alyansning Lissabondagi o'tgan yilgi sammitiga alohida e'tibor qaratadi.

"Anjumanda Rossiya bilan munosabatlarimizni oydinlashtirib oldik. Shijoatimizni bir-birimizga qarshi emas, aksincha umumiy muammolarni hal etishga qaratish zaruratiga kelishdik. 10-20 yil burun NATO va Rossiya Yevropa mudofaasi bobida hamkorlik qilish mumkin deyilsa, ustimizdan kulishgan bo'lardi", - deydi alyans vakili.

Rossiya, deydi Jeyms Appaturay, NATO faoliyati va xususan, Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimi o'rnatilishiga qarshi emas.

"Rossiyaga tizimning unga tahdid emasligini tasdiqlovchi kafolat kerak. Ya'ni mudofaa sistemasi Rossiya raketa tizimidan ustun bo'lmasligi kerak. Bizda buning uchun na reja va na salohiyat bor", - deydi Appaturay.

NATO va Rossiya Afg'oniston bobida keng hamkorlik qiladi. Narkotiklar tranziti va savdosiga qarshi kurash, xalqaro koalitsiya uchun Rossiya orqali yuk yetkazish shular jumlasidan. Afg'oniston bobida NATO Markaziy Osiyo va, xususan, O'zbekistondan ham yordam oladi.

"O'zbekiston bilan munosabatlarimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Bu davlat ham Yevropadan Afg'onistonga yuk yetkazishda tranzit nuqtasi rolini bajaradi. Evaziga NATO Markaziy Osiyo barqarorligini ta'minlaydi. Prezident Karimov bir necha hafta Bryusselda bo'lib, NATO bosh kotibi bilan uchrashgan, hamkorlikni oshirish istiqbollari muhokama qilingan", - deydi Appaturay.

NATO rasmiysining aytishicha, alyans siyosatida yangi tahdidlarga e'tibor berib, ularga qarshi turish uchun salohiyatini mos ravishda oshirib borishi lozim.

"Kiberxuruj shunday bir narsaki, chegaradan bir askarni o'tkazmay uni amalga oshirsa bo'ladi. Har bir davlat faoliyati uchun muhim hisoblangan iqtisodiy, ijtimoiy va xavfsizlik tizimini ishdan chiqarish mumkin. Hozir jinoyatchi guruhlar, davlatlar, razvedkalar bu kabi yangi qurolga ko'p pul sarflayapti. NATO esa kibernetik mudofaa salohiyatini kuchaytirib, a'zo davlatlarga bu borada yordam beryapti", - deydi alyans vakili.

Jeyms Appaturay NATO yutuq va kamchiliklarini tilga olar ekan, so'nggi yetti yilda AQShning alyansga moliyaviy hissasi 25 foizga o'sganini ta'kidlaydi. Bugungi kunda NATO byudjetining 75 foizi Qo'shma Shtatlar zimmasida. Shu bilan birga boshqa a'zo davlatlar hissasi kamaygan. Ikki yilda NATO byudjeti 45 milliard dollarga qisqardi. Bu Germaniyaning mudofaa xarajatlariga teng, deydi Appaturay.

Uning aytishicha, alyans chiqimlarni ham a'zo davlatlar bilan baham ko'ryapti.

"Masalan, yaqinda 12 mamlakat puliga S-17 transport samolyotlari sotib olinib, jahon bo'ylab gumanitar yuklarni tashishda barcha a'zo-davlatlar ulardan birday foydalanyapti".

Pul tejashning yana bir yo'li, deydi Appaturay, qurbi kam mamlakatlar ehtiyojini qondirishda kollektiv xizmat ko'rsatish. Masalan, Boltiq bo'yi davlatlarida qiruvchi samolyotlar bo'lmagani sabab, ularning osmonini mudofaa qilishda boshqa a'zo-davlatlar samolyotlari navbatchilik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG