NATO-Rossiya: Hamkorlikning yangi asri

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen va Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen va Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev

Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotining Lissabondagi anjumanida Afg’onistondagi harbiy amaliyotlarni 2014-yilda yakunlash haqida kelishib olingan edi.

NATO kelasi uch yilda bu mamlakat xavfsizligini mustahkamlash uchun bor kuchini ishga solmoqchi.

Tahlilchilar nazarida Portugaliyada o’tgan sammit unda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ishtirok etgani bilan ham ahamiyatli.

NATO rahbarlarining Medvedev bilan uchrashuvi Rossiya-NATO Kengashi doirasida o’tdi. 2002 yilda tuzilgan bu idora qo’shma dasturlar va xavfsizlik bobida hamkorlik orqali tomonlarni bir-biriga yaqinlashtirishni ko’zlaydi. Kengash majlisida ham NATO, ham Rossiya uchun muhim bo’lgan masalalar ko’tarildi.

Shulardan biri - raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi barpo etishdir. Loyiha ilk bor Bush ma’muriyati davrida ishlab chiqilgan bo’lib, raketani urib tushiruvchi moslamalarni o’shanda Polsha va Chexiyada joylashtirish taklif qilingan edi. Biroq Rossiyaning kuchli qarshiligi sabab Obama ma’muriyati uni keyinchalik bekor qilgan.

AQSh loyihadan voz kechmagan. Xavfsizlik bo’yicha ekspert Shon Key so’zlariga ko’ra, hozirgi reja bir joydan ikkinchi joyga oson ko’chadigan, mintaqaviy sistema yaratishni nazarda tutadi. Harbiy alyans uni ma’qullab bo’lgan.

AQSh rahbari Barak Obama Rossiyaga hamkor davlat sifatida qarashini, prezident Dmitriy Medvedev bilan yaqin aloqada ekanini aytadi

AQSh rahbari Barak Obama Rossiyaga hamkor davlat sifatida qarashini, prezident Dmitriy Medvedev bilan yaqin aloqada ekanini aytadi

“Himoya tizimi nazariy jihatdan butun Yevropani qamrab olishi kerak, bu borada kelishuvlar mavjud. Texnik jihatdan esa bu ancha murakkab loyiha, lekin Obama ma’muriyati uchun yirik diplomatik g’alaba hamdir”, - deydi Shon Key.

Uning aytishicha, prezident Bush olg’a surgan rejadan nafaqat Rossiya chuqur norozi edi, balki unga AQSh ittifoqchilari ham uncha ro’yixush bermagan.

Lissabon sammitida prezident Dmitriy Medvedev NATOning mudofaa sistemasi yuzasidan hamkorlik qilish taklifini qabul qildi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu katta yutuq.

“Taklifga boshidan qarshi turib olgan Rossiyani ko’ndirish oson bo’lmadi. Kreml NATO a’zolari bilan loyihada ishtirok etishga va yordam berishga qaror qilgani juda muhim o’zgarish”, deya qayd etadi Lovel Shvarts, RAND tahlil markazi eksperti.

Lekin hamkorlik deganda nimalar nazarda tutilyapti? Rossiya mulozimlari buni oldindan aniq belgilab olish zarur deydi.

Qurol nazorati uyushmasi rahbari Deril Kimblning aytishicha, Kremlning talabi shuki, himoya tizimi nafaqat G’arbiy Yevropani, balki unga qo’shni hududlarni ham qamrab olishi lozim.

“Shuni ham esda tutaylik, harbiy hamkorlik haqida gap ko’p. Masalan, qurol va radar texnologiyalarini baham ko’rish haqida o’nlab yildan beri gapiriladi, lekin amalda bunday hamkorlikni ko’rmadik”, - deydi mutaxassis.

Afg’oniston bobida, Kreml no-harbiy yuklar Yevropadan temir yo’l vositasida uning hududi orqali olib o’tilishiga qarshi emas. Siyosatdonlar nazarida, bu AQSh va Rossiya o’rtasidagi yangicha munosabatlar mahsuli.

“Rossiya asosan Afg’onistonda jang qilayotgan xalqaro koalitsiyani zarur anjomlar bilan ta’minlashda yordam beryapti. Bu degani, AQSh faqat Pokiston yoki Afg’onistonga qo’shni davlatlarga tayanib qolmaydi. Shu ma’noda, Rossiya bilan hamkorlik konkret natija beryapti”.

“Rossiya istagan payt tranzit yo’llarini yopib qo’yishi ham mumkin. Kreml uchun bu NATOga qarshi bosim vositasi”, deya eslatadi sharhlovchilar.

Hozirda AQSh Kongressida Rossiya bilan imzolangan eng muhim loyihalardan biri ratifikatsiyani kutmoqda. Qisqacha START deb nomlangan kelishuvi har ikki davlat yadro qurollarini 30 foizga kamaytiradi. Senat unga qachon ovoz berishi noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG