G'arbiy Yevropa aholisi sharqqa qo'shin yuborilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

NATO askarlari Boltiq dengizi mintaqasida

NATO askarlari Boltiq dengizi mintaqasida

Qo'shma Shtatlar Sharqiy Yevropa va Boltiq davlatlarida og'ir qurollarini joylashtirmoqchi ekaniga doir xabarlar G'arbiy Yevropada salbiy qarshilanmoqda. Alyans a'zolarining bir qismi sharqiy mamlakatlar himoyasi uchun qo'shin ajratishni istamaydi. Oq uyning bildirishicha, reja Rossiya agressiyasiga qarshi qaratilgan bo'lib, hali mukammal ishlanmagan.

Bir paytlar Sovet Ittifoqining eng yaqin ittifoqchilari bo'lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari harbiy tayyorgarligi bilan endi NATO shug'ullanmoqda. NATOga a'zo bo'lmagan sobiq Sovet respublikalari ham alyansdan yordam olmoqda.

Agar AQShning rejasi amalga oshsa, Rossiyaning hozirgi siyosatiga yangicha javob bo'ladi.

Hozirgi vaziyatda Rossiyaning har bir qadamiga teng qadam qo'yiladi, deydi Londondagi Qirollik institutidan Malkolm Chalmers.

“NATO asta-sekin Polsha, Boltiqbo'yi davlatlari, Ruminiyada, ya'ni Rossiyaning bo'sag'asida salohiyatini oshirib kelmoqda. Rossiya bosqinini to'xtatmaguncha bu holat davom etadi”, - deydi tahlilchi.

Bosqin deganda NATO Rossiyaning Qrimni o'ziga qo'shib olishini, Ukraina sharqidagi isyonchilarni qo'llab-quvvatlashini, harbiy samolyotlarining NATO mudofaa tizimini sinashga qaratilgan parvozlarini nazarda tutadi.

Biroq AQShning "Pyu" ijtimoiy fikrlarni o'rganish markazi o'tkazgan so'rovdan shunisi ma'lumki, G'arbiy Yevropaning NATOga a'zo davlatlarida yashovchi aholining deyarli yarmi sharqiy ittifoqchilarni mudofaa qilishda o'z mamlakatining Rossiyaga qarshi urushda ishtirok etishini istamaydi.

“So'rov natijalari G'arbiy Yevropa hukumatlari o'z siyosatini aholisiga yotig'i bilan tushuntirib berish muhimligini ko'rsatmoqda. Demokratik davlatlar fuqarolarining roziligisiz urush ochmaydi", - deydi Chalmers.

Biroq, deydi ekspert, agar Rossiya NATOning biror a'zosiga hujum qilsa, odamlarning fikri tez o'zgarishi mumkin. Shunda NATO rahbarlari tashkilot nizomining eng muhim bandini bajarishga majbur bo'ladi, ya'ni a'zo davlatni kollektiv mudofaa qilish majburiyatini bajarishga, deydi "Ochiq Yevropa" izlanish guruhidan Pavel Svidlitski.

“Alyans o'ziga bo'lgan ishonchni saqlab qolish uchun javob berishi shart. Aynan shu sababdan Rossiya NATOga qarshi provokatsiyaga qo'l urishdan oldin o'ylab ish qiladi”, - deydi tahlilchi.

Svidlitskining aytishicha, Rossiyaning hozirgi siyosati natijasida Sharqiy Yevropada unga nisbatan salbiy munosabat kuchaydi, Finlandiya kabi mamlakatlar NATOga qo'shilish ustida o'ylanmoqda.

Tahlilchilar fikricha, Rossiya provokatsion harakatlari bilan NATOni sinashda davom etadi, alyans esa bo'sh kelmaydi. Biroq, deydi mutaxassislar, hech bir tomon ziddiyatning kuchayib, urushga olib kelishini istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG