Tramp davrida NATO-Rossiya aloqalari qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya 2014-yil Qrimni o'ziga qo'shib olishi ketidan Moskva va NATO o'rtasida ziddiyat kuchaydi. Tomonlar chegaralarda og'ir qurollar va askarlarni ko'paytirmoqda. Bu esa Sovuq urush davridan beri kuzatilmagan keskinlikni yuzaga chiqardi. Vashingtonda yangi prezident ish boshlash arafasida ekan, bu NATO va Rossiya aloqalariga ta'sir qilishi tayin. Ammo kuzatuvchilar vaziyatning mavhum qolayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Moskva Polsha va Litva chegarasidagi Kaliningrad shahriga yadro qurolini tashishga qodir "Iskandar" raketalarini joylashtirdi. Rossiya, shuningdek, chegara hududlarida harbiy mashqlar o'tkazmoqda.

NATO ham 300 ming askarini jangovar holatga keltirgan. Chegarada harbiylar soni oshirilmoqda.

NATOning Moskvadagi sobiq rasmiysi Jon Loning aytishicha, kutilmagan to'qnashuvlar sodir bo'lishi ehtimoli yo'q emas.

"Harbiylarning zarurat tug'ilganda aloqa qilishiga imkon beruvchi mexanizmlarning bo'lishi juda muhim. Har bir tomon bu yerda ko'ngilsiz hodisa yuz berishi mumkinligini anglashi kerak", - deydi u.

NATO kelasi oylarda Boltiq davlatlari va Polshaga qo'shimcha 4000 harbiy jo'natmoqda. Kollektiv mudofaa tamoyili asosida ish ko'rilmoqda, deydi Lo.

"NATO sekin-asta mudofaa qobiliyatini qayta qurmoqda. Bir kunda bo'ladigan ish emas bu. Buning uchun siyosiy irodaning bo'lishi yanada muhimroq", - deydi u.

Ammo Donald Trampning AQSh saylovlarida g'alaba qozonishi NATO-Amerika aloqalari kelajagiga soya solmoqda.

AQSh 2016-yilda mudofaa uchun 66 milliard dollar sarfladi. Eng ko'p mablag' sarflash bo'yicha ikkinchi o'rinda turgan Britaniyaning xarajati buning 10 dan biriga ham teng emas. Tramp NATO xarajatlarini qoplashdan bosh tortishi haqida ogohlantirgan.

"Kollektiv mudofaa kamida psixologik jihatdan Rossiya uchun katta to'siq edi. Agar Tramp zarur paytda NATOga yordam berishdan bosh tortsa, mana shu holat o'zgarishi mumkin", - deydi tadiqotchi Sara Leyn.

Trampning Rossiya rahbari Vladimir Putinni maqtashi rossiyaparast isyonchilarga qarshi kurashayotgan Ukrainani g'azablantirdi.

"Rossiya yanada ruhlanib, NATO chegaralarini, NATO birligini yangi sinovlarga tutishi mumkin", - deydi Leyn.

Donald Trampning Moskva haqida iliq fikr bildirishi doimiy ittifoqchilikka boshlaydi deyishga hali erta, deydi tahlilchi Lo.

"Ular kelisha olmaydigan mavzular bor. Eron masalasi shulardan biri. Tez orada shu narsa o'rtaga chiqadi", - deydi u.

Trampga o'z yurtida ham qarshilar bor. AQSh senatorlari yaqinda NATOga a'zo davlatlarga borib, AQSh yordami davom etishini va'da qildi.

Tomonlar o'rtasidagi aloqalarning sovuqlashishi xavotirlarni oshirgan. Trampning hokimiyatga kelishi esa mavhumlikni yanada oshirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG