Afg'onistonda NATOning uzoq muddatli maqsadi nima?

  • Amerika Ovozi

20-21 may kunlari Chikagoda NATO sammiti bo'lib o'tadi. 28 davlat rahbarlari va vazirlari bir davraga to'planadi.

20-21 may kunlari Chikagoda NATO sammiti bo'lib o'tadi. 28 davlat rahbarlari va vazirlari bir davraga to'planadi.

Yakshanba kuni Chikagoda NATO sammiti boshlanadi. Ikki kunlik anjumanda alyansga a’zo 28 davlatdan tashqari Afg’onistonga qo’shni va hamkor mamlakatlar rahbarlari bu yurt kelajagini muhokama qiladi. AQSh Afg’oniston bilan hamkorlikni davom ettirish qarorida qat’iy. NATOning roli qanday bo’ladi?

NATO Afg’onistonda 2003-yildan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatda tiklanish va taraqqiyot uchun sharoit yaratish uchun alyansning 130 ming sonli qo’shini xavfsizlik bilan shug’ullanadi.

Xorijiy askarlar mamlakatni 2014-yilgacha tark etishi kutilar ekan, NATO undan keyin ham Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Afg'onlar o'z xavfsizligini ta'minlay oladimi?

Afg'onlar o'z xavfsizligini ta'minlay oladimi?

Ogayo universitetida NATO bo’yicha ekspert Shon Keyning aytishicha, NATOga a’zo davlatlarda, xususan, AQSh va Fransiyada xalq afg’on urushini qo’llab-quvvatlamay qo’ygan.

"Alyans uchun eng muhimi hozir mas’uliyatni bosqichma-bosqich afg’on tomoniga topshirib, kerak bo’lganda yordamni berib turish", - deydi tahlilchi.

Keyning aytishicha, xalqaro qo’shinlar 2014-yildan keyin qolib ketmasligi muhim.

Karzay hukumati va Afg’onistondagi ayrimlar Amerikaga bir umr qarab qolmasligini bilish uchun ham muhim bu. O’z mamlakati uchun mas’uliyatni qo’lga olishi lozim. Kelajakdagi madadimiz cheklangan bo’lishi, asosan, yordamchi vazifasini bajarishimiz zarur, deydi tahlilchi.

NATO Afg’onistonga doir siyosatini belgilayotganda a’zo davlatlar bir vaqtda kirib, bir vaqtda chiqishini nazarda tutgan. Ammo Fransiyada prezident almashib, Fransua Olland 3300 sonli fransuz qo’shinlarini shu yil oxirigacha Afg’onistondan chiqarishga va’da bergan edi. Sammitda Ollanddan belgilangan muhlatgacha sabr qilish so’raladi.

Obama va Karzay, Kobul, 2-may 2012

Obama va Karzay, Kobul, 2-may 2012

"Ittifoqchilar juftakni rostlashga tushsa, Amerikaga qiyin bo’ladi. Urush xarajatlari asosan uning yelkasiga tushadi hamda AQSh jamoatchiligini kampaniya xalqaro hamkorlik mahsuli ekaniga ishontirish qiyin bo’ladi," - deydi Shon Key.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Charlz Kupchan fransuz qo’shinlari Afg’onistonni erta tark etsa, oqibati qanday bo’lishini tahlil qiladi.

"Shunday bo’lsa, NATO missiyasiga jiddiy putur yetmaydi, biroq “xalqaro koalitsiya va’dasida turmayapti” degan gap tarqaladi. Shu sabab Ollandga qattiq bosim qo’yilishiga shubham yo’q", - deydi Kupchan.

Kobul

Kobul

Buning boshqa yo’li bor, deydi u.

"Murosa sifatida fransuzlarga qo’shinlarning bir qismini chiqarish taklif qilinishi yoki askarlar jangovar operatsiyalardan ozod etilishi mumkin. Biroq Olland missiyadan butunlay bosh olib chiqadi deb o’ylamayman", - deydi Kupchan.

Tahlilchilar nazarida NATOning yolg’iz o’zi Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtira olmaydi. Xalqaro hamjamiyat ham moliyaviy yordamini ayamasligi kerak. Ammo ayrim davlatlarda iqtisodiy inqiroz hukm surar ekan, resurslar tanqis ekanini unutmaslik lozim, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG