Polsha NATOning sammitiga mezbon

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda alyans mudofaa vazirlari anjumaniga raislik qilmoqda. 14-iyun, 2016-yil.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda alyans mudofaa vazirlari anjumaniga raislik qilmoqda. 14-iyun, 2016-yil.

Ertaga, 8-iyul kuni Polshada NATO alyansiga a’zo davlatlar rahbarlari uchrashadi. Kun tartibidagi uch asosiy mavzu: Afg’oniston, “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurash hamda Rossiya bilan sovigan aloqalar.

AQSh Afg’onistonda qancha qo’shin qoldirishi ayon. NATO yetakchilari endi bu mamlakatdagi sanoqsiz muammolarni hal qilish strategiyasini ishlab chiqishi lozim. Iqtisod zaif. Tolibon bilan tinchlik muloqoti samara bermadi. Armiya safida talafotlar oshib borayapti.

“Urushni boy berganimiz yo’q, lekin yutishga yaqin ham emasmiz”, - deydi siyosatshunos Entoni Kordesman.

Janubda NATO “Islomiy davlat”ga qarshi yaxlit blok bo’lib kurashmayapti. A’zo mamlakatlar koalitsiyaga ixtiyoriy ravishda askar ajratadi. O’tgan yili Fransiyadagi terror xuruji ortidan tashkilot nizomining kollektiv mudofaa bandini bajarish, ekstremistlarga qarshi urush e’lon qilish chaqiriqlari yangragan edi.

Prefessor Daniel Server fikricha, NATO Suriya va Iroqqa qo’shin tortishi ehtimoldan yiroq, chunki Rossiyaning jig’iga tegishni istamaydi. Kreml bilan hamkorlik zarur, deydi u.

Rossiya va G’arb orasidagi bugungi munosabatlar sovuq urushni eslatadi. 2014-yilda Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini tortib oldi. Ukrainadagi bo’lginchi kuchlarni ham quvvatlaydi.

Rossiya uchuvchilari Boltiq dengizida AQSh harbiy kemalariga juda yaqin masofada uchgan holatlar ham qayd etilgan.

NATO Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilarini himoya qilishga, agressiyaga javob qaytarishga tayyorligini ko’rsatishi kerak.

Buning bir yo’li, deydi AQSh generali Filip Bridlav, NATO tarkibida tezkor qo’shin tuzish, jangovar tayyorgarlikni oshirishdan iborat.

AQSh, Britaniya, Germaniya va Kanada shu maqsadda navbatma-navbat Yevropa sharqiga harbiy batalyonlarini jo’natishni rejalamoqda. Xususan, Polsha, Estoniya, Latviya va Litva NATO bazalariga mezbonlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG