Breaking News

Qashshoqlik va tabiiy ofatlar bir-biriga bog'liq masalalar


Kelasi yillarda yuzlab million kambag’al odamlar tabiiy ofatlar qurboni bo’lishi mumkin. Qurg’oqchilik yoki suv toshqini bo’ladimi, hukumatlar bunday ofatlarga puxta tayyorlanmasa, qashshoqlik ko’lamini pasaytira olmaydi, deydi shu mavzuda izlanish o’tkazgan britaniyalik olimlar.

Qashshoqlik va tabiiy ofatlar bir-biriga bog'liq masalalar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00
Yuklab oling

O’ta qashshoq deganda kuniga 1 dollar 25 sentdan kamroqqa yashaydigan odamlar tushuniladi. 2030-yilgacha yo’qsillik muammosi tugatilishi kerak, deydi xalqaro tashkilotlar. 2000-yilda BMT tomonidan belgilangan Mingyillik rivojlanish maqsadlaridan biri ham shu. Maqsadlarga erishish muddati - 2015-yil. Undan keyin ham bu yo’nalishdagi ishlar davom etishi shubhasiz.

Britaniyaning Xorij taraqqiyoti instituti mutaxassislari qashshoqlikka qarshi kurashda hukumatlar tabiiy ofatlarni inobatga olishi kerak, deydi. Bu yaqinda o’tkazilgan tadqiqot xulosasi. “Kambag’allik geografiyasi: ofatlar va iqlimning keskin ko’rinishlari - 2030” nomli hisobot mualliflaridan biri - Tom Mitchell:

“Izlanishdan ayon bo’ldiki, 2030-yilda ham qashshoqlik ko’lami keng bo’lishi kutilayotgan mamlakatlarning ko’pginasi ayni vaqtda tabiiy ofatlar tez-tez ro’y beradigan hududlardir. Aslida bu yangilik emas. Kambag’allar iqlimdagi o’zgarishlar oldida eng zaif qatlam ekani shubhasiz. Qashshoqlik va tabiiy ofatlar bir-biriga bog’liq masalalar”, - deydi olim.

Hisobotga ko’ra, dunyoning 11 mamlakatida tabiiy ofatlar eng ko’p yuz beradi: Bangladesh, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Keniya, Madagaskar, Nepal, Nigeriya, Pokiston, Sudan, Janubiy Sudan va Uganda. Yana 10 mamlakatda kambag’allar ko’p va ayni vaqtda turli tabiiy tahdidlar kuchli, ofatlar paytida qilinadigan ishlar rejasi esa ishlab chiqilmagan. Hisobotda, shuningdek, Hindiston alohida tilga olinadi.

“2030-yilda ham Hindistonda kambag’allar soni ko’pligicha qolaveradi. Taxminan 100 million odam. Ayni vaqtda u yerda tabiiy ofatlar tez-tez ro’y beradi. Markaziy hukumat bunday hollarda qanday yo’l tutishni yaxshi biladi. Ammo alohida shtatlarda tayyorgarlik darajasi yuqori emas”, - deydi Tom Mitchell.

Bunday vaziyatda tabiatni ayblash emas, balki hukumatlarni javobgarlikka tutish to’g’riroq, deb hisoblaydi u.

“Tabiiy ofatlar joy tanlamaydi. Oqibatlari uchun odamlar va hukumatlar mas’ul. Kambag’allar odatda shahar chekkasida yoki qishloqlarda yashaydi. Falokat paytida esa hukumatlar katta shaharlarni, xorijiy investorlar uchun muhim bo’lgan infratuzilmani qutqarishga shoshiladi. Eng kambag’al hududlar haqida ko’pincha o’ylamaydi ham”, - deydi olim.

Shu ma’noda eng zaif mamlakatlarga beriladigan xalqaro madad yetarli emas, deydi Mitchell. Har bir mamlakat uchun yiliga 2 million dollar ajratiladi. Qashshoqlik ko’lamini pasaytiramiz degan hukumatlar tabiiy ofatlar tahdidini jiddiy qabul qilishi kerak.

“Yo’qsillikni kamaytirish va iqtisodiy o’sishni ta’minlashga bel bog’lagan hukumat avvalambor favqulodda vaziyatga doir harakatlar dasturini ishlab chiqishi kerak. Ijtimoiy taraqqiyot va kambag’allikka qarshi kurash negizida ham shu bo’lishi lozim. Aks holda, salbiy oqibatlar kattaroq bo’ladi. Biznes ham aziyat chekadi”.

Tabiiy ofat paytida nafaqat odamlar hayotini, balki ularning ro’zg’orini ham saqlab qolish kerak, deydi britaniyalik olim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG