Nazarboyev hali uzoq yillar prezidentlik qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev 2012 yilda prezident poygalarida qatnashib, lavozimiga qayta saylanish niyatida.

Uning maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev so’zlariga ko’ra, bu yil 70 yoshga kirgan Nazarboyev davlatni uzoq yillar boshqarish uchun yetarlicha quvvatga ega.

2007 yilda Qozog’iston parlamenti Nazarboyevni prezident poygalarida istagancha marotaba ishtirok etish huquqi bilan siylagan edi.

1989 yilda Qozog'iston Kommunistik Partiyasining Birinchi Kotibi sifatida hokimiyatga kelgan Nazarboyev SSSR parchalanib, mamlakat mustaqillikka erishgach ham rahbarlikda qoldi. Xalq orasida nufuzi baland.

Amerika va Yevropa siyosiy doiralari unga diktator sifatida qaraydi, ammo g'arbu-sharqqa nisbatan siyosatda muvozanat ta'minlay olgan lider deya tilga olishadi. Shuningdek, Nazarboyev Qozog'iston iqtisodiyotini oyoqqa turg'azganlikda maqtaladi.

Muxolifat va huquq va erkinlik uchun kurashuvchi xalqaro tashkilotlar nazarida Nazarboyev korrupsiyaga botgan, yulg'ich bir tuzum boshida turibdi. Mamlakatda o'tgan biror saylov, jumladan prezident tanlovlari adolatli yoki demokratik deya baholanmagan.

Nazarboyevga cheksiz huquqlar berilganining o'zi, deydi uning tanqidchilari, Qozog'istonda shaxsga sig'inish, rahbarlarga podshoh sifatida qarash madaniyati o'zgarmaganini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG