Moskvada Nemsov ustidan qotillik bo'yicha sud boshlandi

  • Amerika Ovozi

Ayblanuvchilardan biri Zaur Dadayev

Ayblanuvchilardan biri Zaur Dadayev

Moskvada 2015-yilda otib o’ldirilgan siyosatchi Boris Nemsov ishi yuzasidan sud boshlandi. Ayblanuvchilar besh kishi, hammasi chechen millatiga mansub. Hech biri aybiga iqror bo’lgani yo’q. Nemsovning oila a’zolari va tarafdorlari fikricha, uni yo’q qilishga buyruq tepadan kelgan va asl aybdorlar jazoga tortilmaydi.

Nemsovning qotilligi ortidagi sabablar hanuz noma’lum. Ayrimlar sobiq bosh vazir o’rinbosari Putinni ko’p tanqid qilgani uchun o’ldirilgan, deydi.

Biroq, deydi marhumga yaqinlar, qotillikni buyurganlar emas, uni amalga oshirganlar sud qilinmoqda.

"Ertaga rasmiylar jinoyat fosh etildi deb chiqsa, ishonmang. Bu yolg’on bo’ladi”, - deydi Nemsov oilasiga yaqin huquqshunos Vadim Proxorov.

Milliy mudofaa universitetida xalqaro xavfsizlik bo’yicha professor Piter Yeltsovning aytishicha, bu qotillikka Kremlning aloqadorligi haqidagi shubhalar asossiz emas.

"Mana shu ahamiyatsiz shaxslarning bu ishda asosiy rol o’ynaganiga ishonmayman", - deydi u.

Yeltsovga ko’ra, Rossiyada shov-shuvli qotilliklar odatda fosh etiladi, aybdorlar ham aniqlanadi, ammo haqiqiy buyurtmachilarning kimligini hech kim bilmaydi.

"Masalan, muxolifatning yorqin vakillari dissident Galina Starovoytova yoki jurnalist Anna Politkovskayani oling. Ularni o’ldirgan odamlarni ushlanib, sud qilingani, qamoqqa tashlangani haqida eshitganmiz, ammo bu jinoyatlar ortida aynan shu odamlar turganiga hech kim ishonmaydi”, - deydi ekspert.

Nemsovning oilasi Checheniston Respublikasi yetakchi rasmiylarini, jumladan rahbari Ramzan Qodirovni tergovga tortishni talab qilgan, ammo foyda bo’lmadi.

"Hozirgi sud jarayonida yuzaga chiqadigan qo’shimcha dalillar hukumatni nafaqat ijrochilar, balki buyurtmachilarni ham to’liq tergov qilishga majbur qiladi degan umiddaman", - deydi Vadim Proxorov.

Prezident Vladimir Putin qotillikni qoralab, aybdorlar jazoga tortilishiga va’da bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG