Breaking News

AQSh Nepalga zilzila asoratlariga qarshi kurashda yordam bermoqda


Nepal hukumati AQShdan zilzila asoratlariga qarshi kurashda yordam so'raganidna so'ng Mudofaa vazirligi ikkita Boingda qutqaruvchilarni yubordi. Birida 70 mutaxassis va 45 tonna uskuna, ikkinchisida esa tabiiy ofatlarda qidiruv va qutqaruv bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar. Pentagon qo'shimcha ravishda 26 nafar maxsus qo'shinni (yashil beretlar) ham yubormoqda.

Amerikaliklar Nepal armiyasiga boshpanasiz qolganlarga palatkali shahar qurishda yordam beradi, mahalliy shifokorlar bilan yaradorlarni davolaydi.

Nepalda kuchli zilziladan so'ng odamlar suv va oziq-ovqatga, dori-darmonga muhtoj. Xorijiy qutqaruvchilar va gumanitar tashkilotlar mamlakatga kelishda davom etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, tabiiy ofat 4300 dan ziyod odamni nobud qildi, 8000 kishi jarohat olgan, 1,4 million oziq-ovqatga muhtoj. Vayronalar ostidan jasadlar chiqarilishda davom etarkan, qurbonlar soni yanada ko'proq bo'lishi kutilmoqda.

Takror silkinishlardan xavotirlangan aholi ko'chada tunashga majbur. "Amerika Ovozi" muxbiri Stiv Xerman hozir Nepal poytaxti Katmanduda. Uning aytishicha, chekka joylarga borish qiyinlashgan.

"Eng katta qiyinchiliklarni zilzila markaziga yaqin joylashgan qishloqlar kechirmoqda. Oddiy yo'l bilan u yerlarga borib bo'lmaydi. Faqat vertolyotlarda. Ba'zi qishloqlarda 500 odam yashagan, boshqalarida mingtadan. Hammasi yer bilan tekis bo'lgan", - deydi jurnalist.

Sog'liqni saqlash mutasaddilariga ko'ra, aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmasa, yuqumli kasalliklar tarqalishi mumkin. Odamlar hukumatning harakatlaridan norozi.

"Bizga suv berishmayapti. Tunda juda qiynaldik", - deydi nepalliklardan biri.

Katmandu kasalxonalari bemorlar bilan to'lgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, zilzila minglab insonlar hayotini nobud qilibgina qolmay asosiy daromadni turizmdan ko'rayotgan Nepal infratuzilmasini ham vayron qildi. Zilzila qo'shni Hindiston, Bangladesh, Butan hamda Nepal-Xitoy chegarasida ham qurbonlarga sabab bo'ldi.

AQSh Davlat departamenti qurbonlar orasida ikki amerikalik borligini ma'lum qilmoqda. Zilzila paytida ular Everest tog'idagi lagerda bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG