Din

Niderlandiyada o'ng qanot partiya Qur'onni taqiqlashga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Amsterdam shahridagi Polder masjidi

Amsterdam shahridagi Polder masjidi

Niderlandiyaning ultra o’ng qanot partiyasi mamlakatda masjidlarni yopib, musulmonlarning muqaddas kitobi bo’lgan Qur’onni taqiqlashga chaqirmoqda.

Partiya yetakchisi Girt Vilders e’lon qilgan bir betlik manifestoga ko’ra, agar parlamentga saylansa, u va uning Ozodlik partiyasi Niderlandiyaning islomiylashishiga yo’l qo’ymaslikni o’zining birinchi vazifasi deb e’lon qiladi.

Mamlakatda parlament saylovlari kelasi yilning mart oyida bo’lib o’tadi.

Vilders, shuningdek, barcha muhojir markazlarini yopishni, ikki fuqarolikka ega jinoyatchilarni deportatsiya qilishni hamda musulmon davlatlardan muhojir qabul qilishni to’xtatishni va’da bermoqda.

Mamlakatda muhojirlar bilan bog’liq inqiroz kuchayib, aholi noroziligi oshib borar ekan, partiya ommaviy so’rovlarda oldingi o’rinlarda ketmoqda. Shunga qaramay, uning saylovlarda g’olib chiqishi va boshqa partiyalar bilan koalitsion hukumatga kirishi ehtimoli juda kam. Chunki mamlakatning boshqa partiyalari bu guruh bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadi.

Yevropaning boshqa davlatlarida ham musulmonlarga qarshi siyosiy kayfiyat kuchaymoqda. Daniya Xalq partiyasi musulmon muhojirlarni mamlakatga kiritmaslikni tashviq qilmoqda. Vengriyada Bosh vazir Viktor Orban muhojirlarni Yevropa bo’ylab tarqatish bo’yicha Bryussel rejasiga qarshi referendum o’tkazmoqda. Fransiyaning o’ng qanot Milliy fronti yetakchisi Marin Le Pen ham Yevropa Ittifoqini tark etishga chaqirdi.

Vildersga ko’ra, Niderlandiya ham ittifoqdan chiqib, yana “mustaqil bo’lishi kerak”.

“Butun dunyoni va odamlarini boqqandan ko’ra, o’z xalqimizga sarmoya kiritamiz”, - deydi u.

Vilders oktabrda sudga chaqirilgan. U asli marokashlik Niderandiya fuqarolariga qarshi ayirmachilik va nafrat qo’zg’aganlikda ayblanmoqda. Siyosatchi 2011-yilda ham diniy va etnik ozchilik guruhlarni haqorat qilganlikda ayblangan, lekin sud ayblovlarni asossiz deb topgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG