Nevada - Amerikaning eng qashshoq shtatlaridan biri

  • Amerika Ovozi

10-15 yil avval faqat qidirmagan odam Las Vegasda ish topolmasdi. Endi esa hammaning holi shu

10-15 yil avval faqat qidirmagan odam Las Vegasda ish topolmasdi. Endi esa hammaning holi shu

Las-Vegas shahrining dong’i butun dunyoga ketgan. Shahar Nevada shtatida joylashgan. Las-Vegas asosan dunyodagi eng yirik kazinolar bilan mashhur.

Bir kechada millionlab dollar yutish yoki yutqazish hech gap emas. Hayot shunday boy ko’rinsa-da, Nevada aholisi Amerikada eng kambag’allaridan.

Har besh nevadalikdan biri qashshoqlikda yashaydi.

Yozning jazirama kunlarida Nevada janubidagi katoliklar xayriya tashkilotiga yuzlab daydi va ishsizlar yig’iladi.

Richard Skanlon ilgari qurilishda ishlagan. Endi esa nogiron. Richardning do’stlarining ham aksariyati ishsiz.

10-15 yil avval faqat qidirmagan odam Las Vegasda ish topolmasdi. Endi esa hammaning holi shu.

Bu xayriya tashkiloti kambag’al oilalarga boshpana topish yoki ishga kirishda yordam beradi.

Ikki bolaning onasi Kassendra Voller bu muassasa ko’magida yangi uyga ko’chib o’tdi va uni jihozlab oldi.

“Ishga kirib, eng kam maosh olsang, qanday qilib bolalar enagasiga pul to’laysan? Men bir necha marta boshpanasiz qolganman. Lekin Las Vegasda uysizlarning bu qadar ko’p bo’lganini hech eslolmayman”, - deydi ayol.

“Oilaviy Va’da” deb nomlagan bu xayriya tashkiloti daydilarga vaqtincha boshpana topib berishda boshqa diniy maskanlar bilan hamkorlik qiladi.

Tera Burbankning oilasi og’ir iqtisodiy sharoitdan o’ziga kela olmayapti. Qurilish ishlari bir paytlar gullab-yashnagan shtatda ishsizlik darajasi osmonga sapchigan. Qiladigan ish yo’q. Bundan farzandlar jabr tortib, oilalar buzilmoqda

Tera Burbankning oilasi og’ir iqtisodiy sharoitdan o’ziga kela olmayapti. Qurilish ishlari bir paytlar gullab-yashnagan shtatda ishsizlik darajasi osmonga sapchigan. Qiladigan ish yo’q. Bundan farzandlar jabr tortib, oilalar buzilmoqda

“Biz nasroniy, yahudiy va musulmonlarni o’z markazlarini tunda boshpana sifatida ochib qo’yishga undab kelamiz”, - deydi Lindman.

Uch farzandning onasi Nadirya Yexuda Edvard ham yordam olgan fuqarolardan.

“Nima deyayotganimni tushunishmasa-da, madad berishdi. “Tashvishlanma, qo’ldan kelganini qilamiz” deyishdi. So’zida turdi bu tashkilot”, - deydi ona.

Nadiryaning endi o’z uyi bor. Hozir u oshpazlikka o’qiyapti.

Qashshoqlikdan eng ko’p aziyat chekadiganlar – bolalar va o’smirlardir. Hozirda Las Vegasda 6000 nafar o’quvchi – boshpanasiz. Bir tashkilot ularga bepul issiq ovqat bersa, boshqasi o’quv qurollari bilan ta’minlaydi.

AQShda iqtisodiy vaziyat yaxshilansa, Nevada ham bundan foyda ko’radi albatta, lekin hozircha ijobiy yangilik yo’q.

Nevadalik oila

Nevadalik oila

“Oilaviy Va’da” xayriya tashkiloti rahbari Terri Lindman esa siyosatchilar muammoni yaxshi tushunmaydi, deb hisoblaydi:

“Menimcha, qashshoqlar va daydilar muammosini hal etish uchun Amerikadagi har bir siyosatchi bir hafta qashshoqlikda yashab ko’rishi kerak. Shunda ular muammoni tushunib yetadi”, - deydi Lindman.

Lindman boshqarayotgan tashkilot esa siyosatchilar yordamini kutib o’tirmay, iqtisodiy vaziyat yaxshilangunicha odamlarning dardini tinglashda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG