Breaking News

Markaziy Osiyo integratsiyasiga qaratilgan yangi tashabbus natija beradimi?


Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov AQSh Savdo palatasi uyushtirgan tadbirda so'zlamoqda, Vashington, 3-avgust, 2016-yil
Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov AQSh Savdo palatasi uyushtirgan tadbirda so'zlamoqda, Vashington, 3-avgust, 2016-yil

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan C5+1 shaklida ikkinchi bor muloqot qilishi. Birinchi majlis o’tgan yil noyabrida Samarqandda o’tkazilgan edi. Bu safar O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikiston vazirlari Vashingtonga tashrif buyurib, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya xususida gaplashdi. C5+1 mintaqa mamlakatlarini yaqinlashtirishga qaratilgan tashabbus bo’lib, Qo’shma Shtatlar tomonidan taklif etilgan.

“Markaziy Osiyoning yuqori lavozimli rasmiylarini bir davraga to'plash juda muhimdir. Bu vazirlarni Markaziy Osiyoning o'zida bir davrada ko'rish kam uchraydigan holat. Bugungi uchrashuvlar bunday ehtimolning haqiqatga yaqin ekanini namoyish etdi”, - deydi Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis Sebastyan Peyruz.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Abdildayev AQSh Savdo palatasida markaziy osiyolik rasmiylar sharafiga uyushtirilgan madaniy kechada Davlat departamentida o’tgan muloqotni sarhisob qilib o’tdi.

Markaziy Osiyo integratsiyasiga qaratilgan yangi tashabbus natija beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

“Vazirlarning Vashingtonda o'tgan ikkinchi majlisi samarali bo'ldi. Hamkorligimizning ustuvor yo'nalishlarini belgilab oldik. Bular iqtisodiyot, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalar. Qo'shma bayonot qabul qilib, besh loyihaga kelishib oldik. Bu format uchun yaxshi startdir”, - deydi u.

Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 25 yilligini nishonlash arafasida ekan, so’nggi chorak asr davomida mintaqada turli xil integratsion jarayonlarga harakatlar kuzatildi. AQSh ham bu borada qator tashabbuslar bilan chiqqan. 2011-yilda Yangi Ipak yo’li tashabbusi taklif etildi.

Amerika davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo’yicha muovini Nisha Bisvalning aytishicha, C5+1 muloqoti mintaqa davlatlarining nafaqat o’zaro, balki AQSh bilan ham aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan.

“Bu diplomatik platforma mustahkam hamkorligimizning hamda AQShning bu muhim regionga berayotgan jiddiy e’tiborining nishonasidir”, - deydi u.

O’zbekistonda uch yil elchilik qilgan, hozir esa Vashingtondagi Atlantika Kengashi tahlil institutida Yevrosiyo markazini boshqarayotgan Jon Xerbst nazarida bunday uchrashuvlarning zararidan ko’ra foydasi ko’proq.

“C5+1 - yaxshi format. Bu AQShning yuqori lavozimli rasmiylari Markaziy Osiyoga e'tibor qaratayotganidan dalolatdir. Mintaqaviy integratsiya muammoli masala. Albatta, bunday forumdan olamshumul yechimlarni kutmaslik kerak, ammo muammolarni qadamma-qadam hal qilishga yordam beradi”.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov ham shunday fikrda.

“Bu formatning qulay, foydali va istiqbolli ekaniga barchamiz yakdilmiz va kelajakda ana shu shaklda ishlashga kelishib oldik”, - deydi u.

O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning aytishicha, C5+1 formatini boshqa vazirliklar rahbarlari yig’ini uchun ham ishlatish mumkin. Ammo, deydi vazir, integratsiya haqida gapirishdan oldin mamlakatlar ikki tomonlama og’riqli muammolarini hal etishi zarur. Bular chegara, boj, suv masalalari.

“Markaziy Osiyoning yirik qo'shnilari bor va bu mamlakatlarning mintaqada o'z manfaatlari bor. Biroq biz Markaziy Osiyoning kuchli raqobat emas, hamkorlik mintaqasi bo'lishini istaymiz. Muammolar bor, albatta, ammo imkoniyatlar ham mavjud. Vazirlar majlisida mamlakatlarimiz siyosati haqida mulohaza yuritayotib, har bir masalaga muhim bir savolni qo'lladik: bu muammomi yoki imkoniyatmi? Munosabatlarimizda muammolar ham bor, imkoniyatlar ham bor. Xalqlarimiz manfaati yo'lida aloqalarimiz va hamkorligimizni kuchaytirish uchun imkoniyatlardan unumli foydalanib, muammolarni birgalikda hal qilishimiz kerak”, - deydi u.

Muammolarni birgalikda hal qilish uchun esa respublika rahbarlarida siyosiy iroda, xohish bo’lishi lozim.

“Besh vazirning chiqishlaridan shunisi ma’lumki, mintaqaviy hamkorlik ular uchun ustuvor vazifa. Ular AQSh taklif etgan barcha loyihalarga xayrixohlik bildirdi va bu loyihalarni olg’a surish uchun imkoniyat paydo bo’ldi. Mintaqaviy hamkorlikni amalga oshirish oson emasligini tushunaman. Ayrim mamlakatlar orasida aloqalar murakkab, biroq o’zaro hamkorlik uchun siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik nuqtai nazaridan talab va ehtiyoj bor ekan, ular umumiy yo’l topishga majbur bo’ladi, biz esa ularning bu harakatlarini qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Nisha Bisval.

Muloqotning yangicha formati ayrim kuzatuvchilar nazarida mintaqa mamlakatlarini Rossiya ta’siridan uzoqlashtirishga qaratilgan. Vashingtonlik rasmiylar bunday talqinga qo’shilmaydi. Muloqot tarafdorlariga ko’ra esa, AQShning asosiy maqsadi nima bo’lishidan qat’i nazar, agar C5+1 formati Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biriga yaqinlashtirishga yordam bersa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi.

Inson huquqlari faollari va Markaziy Osiyo hukumatlari tanqidchilari C5+1 muloqotida inson huquqlari masalalariga e’tibor qaratilmaganini ta’kidlab, AQShni va, xususan, Davlat kotibi Jon Kerrini tanqid qilib chiqdi. Savdo palatasi yuqori martabali mehmonlarni ziyofat bilan siylayotgan bir paytda, tashqarida oz sonli faollar O’zbekiston va Turkmaniston paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi namoyish o’tkazdi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG