Toshkentda AQSh-O'zbekiston aloqalariga oid yangi kitob chop etildi


Toshkentda jurnalist va amerikashunos tadqiqotchi Mavlon Shukurzodaning “Amerika-O’zbekiston aloqalari xronologiyasi. 1992-2012-yillar” deb nomlangan yangi kitobi chop etildi. To’plam rus tilida bo’lib, AQSh va O’zbekiston diplomatik aloqalarining 20 yilligiga bag‘ishlanadi. Unda ikki tomonlama aloqalar tarixidagi eng muhim fakt, raqamlar va voqealar, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar yo’nalishlarga ajratilgan holda taqdim etiladi.

AQSh-O’zbekiston munosabatlarining 20 yillik xronologiyasini o’zida jamlagan kitob O’zbekiston va AQSh rasmiy shaxslarining nutqlari, milliy va xalqaro monografiyalar, O’zbekiston va AQSh elchixonalari materiallari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, AQSh Davlat departamenti va tahlil markazlari ma’lumotlari, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda ommaviy axborot vositalari materiallari asosida tayyorlangan.

Kitobga AQShning O’zbekistondagi, O’zbekistonning esa AQShdagi elchilari bilan o’tkazilgan suhbat matnlari kiritilgan bo’lib, muallifning aytishicha, to’plamning kirish qismidan 20 yillik o’zaro aloqalarning tahlili ham o’rin olgan.

“Boshida men O’zbekistonning Amerikadagi elchisining intervyusini va Amerikaning O’zbekistondagi elchisining intervyusini keltirdim. Ular AQSh-O’zbekiston aloqalarining 20 yilligi munosabati bilan o’z fikrlarini bildirgan. Keyin kirish qismida 5-6 bet umumlashtirilgan materiallar tayyorladim. U yerda 20 yil mobaynida bo’lgan voqealar, rivojlanish, qanday o’zgarishlar bo’lgan, shularni umulashtirishga harakat qildim”, - deydi muallif.

Mavlon Shukurzodaga ko’ra, so’nggi yillarda aloqalar, asosan, siyosiy-harbiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda olib borilgan. Shu bois voqealar xronologiyasi shu uch yo’nalishga bo’lindi.



Mavlon Shukurzoda

Mavlon Shukurzoda

“Ko’proq siyosiy, iqtisodiy va harbiy masalalar. Shu uch yo’nalishga ajratib, bularning hammasini umumlashtirishga harakat qildim. Qaysi yo’nalishlar eng kuchli bo’lgan? Uch yo’nalish - iqtisodiy yo’nalish, siyosiy yo’nalish va gumanitar aloqalar yo’nalishi. Mana shu uch sohada haqiqatan rivojlanish ko’zga tashlanib turibdi. Yilma-yil qilinayotgan ishlarni ko’rib men shu xulosaga keldimki, shu uch yo’nalishda Amerika-O’zbekiston munosabatlari juda ham yaxshi rivojlangan deyishga asos bor”, - deydi muallif.

2014-yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etgach, regionning bundan keyingi ahvoli va AQShning bu hududdagi roli kelajakda qanday bo’lishi haqida mutaxassislar turli fikrlarni olg’a surmoqda. O’zbekistonlik tadqiqotchi sifatida Mavlon Shukurzoda AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O’zbekiston bilan yaqin aloqalari kelajakda ham saqlanib qolishiga ishonadi.

“O’ylaymanki, AQSh Markaziy Osiyo va Afg’onistonni shunday tashlab qo’ymaydi. Obamaning gaplaridan ham ma’lum bu. Mana, Xillari Klinton oxirgi yillarda ikki marta kelib ketdi. Davlat departamentidagi matbout anjumanlaridan shunisi ma’lum bo’lyaptiki, AQSh Markaziy Osiyoga, xususan, O’zbekistonga o’z yordamini keyinchalik ham ayamaydi”, - deydi u.

Mavlon Shukurzoda Amerikadagi o’zbeklar hayoti haqida hikoya qiluvchi turkum maqolalari, kitoblari bilan ommaga tanilgan. Uning aytishicha, AQShdagi o’zbeklar diasporasi, xususan, Turkiston-Amerika jamiyati AQSh rasmiylari bilan yaqin va iliq aloqalarga ega.

“Tadqiqot qilganimda, ko’p odamlar bilan tanishib gaplashganimda shunga amin bo’ldimki, jamiyatning Amerikada, Davlat departamentida o’ziga yarasha nufuzi bor. Masalan, uyushma prezidenti Abdulla Xo’ja Oq Uyda uch-to’rt marta prezidentlar tomonidan qabul qilingan”, deydi tadqiqotchi.

O’zbekiston hukumatining AQShdagi o’zbeklar bilan munosabatiga to’xtalgan muallif davlat tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga ko’proq e’tibor va yordam berilishi kerakligini ta’kidlaydi. Shuningek, O’zbekistonning AQShdan o’rganishi kerak bo’lgan masalalar borligini ham aytadi.

“O’zbekiston davlat idoralari ham, nodavlat tashkilotlari ham Amerikada yurgan o’zbeklarga, vatandoshlarimizga, 60-70 yil oldin borib qolgan vatandoshlarimizga yordam berib, ularga ona tilini unutmaslikda, madaniy, tarixiy an’analarini saqlab qolishda yordam berishi kerak. Bundan tashqari, biz Amerikadan demokratiya, siyosiy partiyalar faoliyati kabi masalalarda saboq oladigan joylarimiz bor. Ularni ham, albatta, o’rganishimiz kerak bo’ladi”, - deydi u.

Mavlon Shukurzodaning “Amerika-O’zbekiston aloqalari xronologiyasi. 1992-2012-yillar” deb nomlangan yangi kitobi siyosat fanlari doktori, “Fulbright” va “IREX” stipendiati sifatida AQSh universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borgan o’zbek olimasi Guli Yuldasheva muharrirligi ostida tayyorlangan.

To’plam 225 betdan iborat bo’lib, AQSh-O’zbekiston munosabatlarini o’rganuvchi tadqiqotchilar, jurnalistlar va talabalar uchun mo’ljallangan.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG