Yerga o'xshagan sayyora kashf etildi

  • Amerika Ovozi

U juda katta ham emas, kichik ham emas. Na juda issiq, na juda sovuq. Yaqinda kashf etilgan sayyora hayot uchun ayni muddao, deydi fazoshunoslar.
Bizdan 500 yorug’lik yiliga teng masofadagi yulduz atrofida aylanadigan bu sayyoraning nomi Kepler-186f. Hajmi Yerdek keladi. Olimlar uning joylashuviga qarab, suv borligini ham taxmin qilmoqda. Ma’lumki, suv bor joyda hayot bor.

Yerga o’xshash jihatlari ko’p, deydi NASA fazo tadqiqotlari agentligidan Eliza Kintana.

“Yerning yaqin qarindoshi deb aytishimiz mumkin, lekin egizagi emas. Ayniqsa ikki sayyoraning ona-yulduzlari tamoman boshqacha,” - deydi u.

Kepler quyoshdan kichikroq va sovuqroq yulduz atrofida aylanadi.
“Ilm-Fan” jurnalida yozilishicha, shu kungacha kashf etilgan yuzlab boshqa sayyoralarga qaraganda Yerga eng monandi aynan Kepler.

Ayrim planetalar, bilamizki, qalin gazlar bilan qoplangan. Ayrimlari o’z quyoshiga juda yaqin va harorati juda baland.

O’tgan yili topilgan ikki sayyorada hayot paydo bo’lishi uchun shart-sharoitlar mavjud, deydi Kintana, ammo ular Yerdan kattaroq.

“Tarixda birinchi marta biz o’lchami Yerdek keladigan va orbitasi hayot paydo bo’lishiga moslashgan sayyorani topdik”.

Tadqiqotlar to’xtamaydi, koinotda yangidan-yangi obyektlar topilyapti, deydi Massachusetts texnologiya institutidan astrofizik Sara Siger.

“Yillar davomida hayot nishonalari mavjud sayyoralar naqadar ko’p uchraydi, degan savol qiziqtirib keladi bizni. Xulosa shuki, ular biz o’ylagandan ko’p. Demak, tadqiqotning keyingi bosqichiga o’tish mumkin,” - deydi u.

Keyingi qadam bu planetalar atmosferasini o’rganib, ularda jonzot bormi, degan savolga javob topish. Buning uchun ilg’or teleskoplar kerak. Lekin hozir byudjet masalasi chatoq, deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetidan astrofizik Ben Zukerman.

“Nazariy jihatdan bu vazifani kelasi 20 yilda bajarishimiz mumkin. Lekin mablag’ yo’q. Mening umrim davomida buning uddasidan chiqolmaymiz”.

NASA fazo tadqiqotlar agentligidan Eliza Kintana fikricha esa yangi avlod teleskoplari yaratilgach, somon yo’llarida hayot nishonalari albatta topiladi.

“Ehtimol orzularga berilayotgandirman. Yulduzlarning ko’pligini qarang. Axir yuzlab milliard jismlar bor koinotda. Ulardan birida hayot borligi ehtimoli juda yuqori, nazarimda. Albatta, bu masalada hamma o’z fikriga ega”.

Olimlar hadsiz galaktikalar sirlarini o’rganishda davom etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG