Breaking News

Yangi Ipak Yo'li loyihasi ustida muzokaralar


Janubiy va Markaziy Osiyoni bog'lovchi yangi savdo yo'llari ochish haqida gap ketmoqda, lekin ko'p narsa Afg'onistondagi vaziyatga bog'liq
Janubiy va Markaziy Osiyoni bog'lovchi yangi savdo yo'llari ochish haqida gap ketmoqda, lekin ko'p narsa Afg'onistondagi vaziyatga bog'liq

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida Afg'oniston, unga qo'shni va hamkor davlatlar savdo yo'li haqida gaplashib oldi.

Amerika tomonidan olg'a surilayotgan loyiha boshida Davlat kotibasi Xillari Klinton hamda Germaniya va Afg'oniston Tashqi ishlar vazirlari, Gvido Vestervill va Zalmay Rasul, turibdi.

27 mamlakat va xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli rasmiylari birinchi navbatda Afg'oniston tinchligi xususida fikr almashgan. Bu hafta u yerda sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o'ldirildi. Jangarilar hamon faol ekani oydek ravshan, deydi diplomatlar.

Janubiy va Markaziy Osiyoni bir-biri bilan bog'lovchi yangi savdo yo'llari barpo etish Afg'onistondagi vaziyatga chambarchas bog'liq. U yer notinch ekan, bu loyiha faqat qog'ozda bo'ladi.

Amerika rasmiylari deydiki, iqtisodiy aloqalarni yaxshilash oddiy odamlar hayotini yaxshilaydi, kelajakka ishonchni oshiradi, zo'ravonlikka undovchi holatlarni cheklaydi.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, bosh diplomat Xillari Klinton Yangi Ipak Yo'li loyihasi yuzasidan mintaqa rasmiylari bilan maslahatlashgan
AQSh Davlat departamentining bildirishicha, bosh diplomat Xillari Klinton Yangi Ipak Yo'li loyihasi yuzasidan mintaqa rasmiylari bilan maslahatlashgan

Tabiiy jihatdan boy, ishchi kuchi yetarli va azaldan bir-biri bilan savdo-sotiq qilgan bu jamiyatlar sarmoyaga muhtoj, deydi Xillari Klinton, xalqaro donorlar mablag'i bilan katta imkoniyatlar yaratish mumkin.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Klinton xonim Yangi Ipak Yo'li loyihasi haqida Janubiy va Markaziy Osiyo rasmiylari bilan maslahatlashgan. Tomonlar hamkorlikka tayyor, deyiladi diplomatik bayonotda.

Shu tariqa Amerika Afg'onistondagi vaziyatni tuzatish uchun unga qo'shni mamlakatlar, ayniqsa Markaziy Osiyo respublikalari va xalqaro tashkilotlarni ko'proq jalb etishga urinmoqda.

Asrlar davomida Buyuk Ipak Yo'lining markaziy bekatlar bo'lgan yurtlarda bu qadim yo'nalishni tiklash tashabbusi avvalgi prezident Jorj Bush davrida tuzilgan edi. Obama ma'muriyati mana shu loyihani amalga oshirishga bel bog'lagan.

Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlikka tayyor ekanini bildiradi, lekin birinchi navbatda Afg'onistonda tinchlik ta'minlanishi lozim ekanini eslatadi.

XS
SM
MD
LG