Breaking News

Turkiy-Amerika anjumanida Obama ma'muriyati Yangi Ipak yo'lini targ'ib qildi


Turkic American Convention
Turkic American Convention

"Yangi Ipak yo'li tashabbusi bizning uzoq muddatli strategiyamiz bo'lib, maqsadimiz Markaziy Osiyo va Afg'onistonning global tijorat o'chog'iga aylanishida yordam berish",- deya so'zladi AQSh Davlat departamentida mintaqa bo'yicha mas'ul diplomat Richard Xoagland Vashingtonda o'tgan Turkiy-Amerika ittifoqi yillik anjumanida.

Xoagland deydiki, Obama ma'muriyati olti yil oldin targ'ib qila boshlagan tashabbus quruq gap emas. 2009-yildan beri mintaqaviy savdo 49 foizga oshgan, 2011-yildan buyon esa mahsulotni chegaralardan olib o'tish bahosi 15 foizga kamaygan.

Lekin hali qilinadigan ishlarning asosiysi oldinda, deydi diplomat. Xoagland Markaziy Osiyoning har bir davlatida xizmat qilgan, shuningdek, Afg'oniston va qo'shni Pokistonda ham ishlagan. Mamlakatlar orasida iqtisodiy hamkorlik past va tijoriy imkoniyatlar cheklangan.

Masalan, energetika sohasidagi muammolarni hal etish uchun mintaqaviy birdamlik zarur, deb keladi Vashington rasmiylari. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bu borada yordam berishga urinmoqda va AQSh ularning loyihalarini quvvatlaydi. Yangi energetik ta'minot tizimlari barpo etilmoqda, minglab kilometrga cho'zilgan yo'llar qurilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari janubdagi qo'shnilar bilan aloqalarni jadallashtiradi degan umid so'nmagan va so'nmaydi, deydi Xoagland, chunki foydani bu mamlakatlarning o'zi ko'radi.

Yangi Ipak yo'li deganda Amerika nafaqat yirik savdo tizimlari balki kichik hajmdagi bizneslarni rivojlantirishni, mayda tadbirkorlar uchun sharoitni yaxshilashni ham nazarda tutmoqda. Tijoriy to'siqlarni kamaytirish kerak, bojxona tizimlarini isloh qilish zarur, chegara osha savdoni rag'batlantirish lozim.

AQSh Davlat departamentida mintaqa bo'yicha mas'ul diplomat Richard Xoagland deydiki, Obama ma'muriyati olti yil oldin targ'ib qila boshlagan tashabbus quruq gap emas.
AQSh Davlat departamentida mintaqa bo'yicha mas'ul diplomat Richard Xoagland deydiki, Obama ma'muriyati olti yil oldin targ'ib qila boshlagan tashabbus quruq gap emas.

Xitoy va Rossiya roli muhim, deydi Xoagland. Yuk Xitoydan Germaniyagacha 14 kun ichida mashinada yetib borishi mumkin va shunga erishish uchun qattiq harakat ketmoqda, deydi diplomat.

Turkiya, Kavkaz davlatlari, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo bir yoqadan bosh chiqarib, yangi savdo yo'nalishlari yarata oladi, mahalliy tovarlar Yevropaga yetib borishi uchun zamin hozirlash mumkin, deydi AQSh rasmiysi.

Yevropa Ittifoqining ayni damdagi raisi Latviya Markaziy Osiyoga alohida e'tibor qaratib, O'zbekiston singari meva va sabzavotga boy davlatlar bilan yaqindan ishlamoqda, deydi Xoagland.

Diplomat Rossiyaga to'xtalar ekan, Kremlning Ukrainaga nisbatan siyosatini qoraladi va Vashington har bir davlatning hududiy birligi va mustaqilligini quvvatlashini eslatdi.

Har qanday o'zgarish, burilish va progress siyosiy irodaga bog'liq, deydi Xoagland. Amerika hamkorlik tarafdori va unga intilgan davlatlarga ko'maklashishga tayyor, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG