Breaking News

Pol Rayan - AQSh Vakillar Palatasining yangi spikeri


Viskonsin shtatidan respublikachi qonunchi Pol Rayan endi spiker
Viskonsin shtatidan respublikachi qonunchi Pol Rayan endi spiker

AQSh Vakillar Palatasida spiker yangilandi. Palataga besh yil raislik qilgan Jon Beyner iste’foga chiqib, uning o’rniga Respublikachilar partiyasining yosh liderlaridan biri, Viskonsin shtatidan kongressmen Pol Rayan saylandi.

Pol Rayan - AQSh Vakillar Palatasining yangi spikeri - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Kongressdagi eng nufuzli lavozim bu. Pol Rayan 45 yoshda, siyosatshunoslik va iqtisod sohalarida diplomi bor. Kongressga u 1999-yilda saylangan. 2012-yilda avval prezidentlikka, saralash musobaqasida boy bergach esa vit-se-prezidentlikka harakat qilgan. Mag'lubiyat ketidan Kongressdagi xizmatini davom ettirdi va qayta saylandi.

AQSh konstitutsiyasiga binoan Vakillar Palatasi raisi prezident kursisi muddatidan oldin bo’shagan taqdirda uni egallash uchun vitse-prezidentdan keyin ikkinchi o’rinda turadi.

Uning roli muhim, deya tushuntiradi tarixchi Met Vasnyuskiy.

“So’nggi o’nlab yil mobaynida spiker Vakillar Palatasini boshqaruvchi shaxsga aylandi. Deyarli barcha yakuniy qarorlarni u qabul qiladi”,- deydi u.

Katolik universiteti professori Metyu Gringa ko’ra, spikerning vazifalaridan biri Senatda, prezident va omma oldida palata nomidan gapirish.

“Bundan tashqari, bu odam o’z partiyasining lideri va odatda shuning uchun tanlab olinadi. Palata raisi qonunlarni ma’qullash uchun ovoz to’plashda, Kongressga saylanish uchun nomzodlarni tanlashda, mablag’ yig’ishda ko’maklashadi. Vazifalari talay”,- deydi Grin.

Vakillar Palatasining ilk spikeri 1789-yilda saylangan Frederik Malenberg edi. U paytlarda spikerlar ko’proq parlamentar vazifalarni bajargan, siyosatga aralashmagan. Bugun zamon boshqa.

“Palata raislari tarafkashlikka, siyosiy tortishuvlarga berilmas edi. Ammo 19-asrga borib, partiyalar kuchaygan sari spikerlar partiya liderlariga aylandi. 19-asrning ikkinchi yarmida boshlangan bu jarayon bugungi kungacha davom etmoqda”, - deydi Malenberg.

“Bugungi Kongressda spiker siyosatni yo’naltiradi, taraflar bilan kelishib ishlaydi, o’z partiyasi tarkibidagi turli fraksiyalar bilan muzokara qiladi va muxolif partiya bilan ham til topishadi”.

Muhim lavozim bo’lsa-da, spikerlikka istagan odam saylanishi mumkin, qonunchi bo’lish shart emas.

“Palata raisi qanday saylanishi konstitutsiyada aniq belgilanmagan. Palata tanlaydi, deyilgan xolos. Nazariy jihatdan, istagan odam saylanishi mumkin. Kongress a’zosi bo’lish shart emas”,- deydi Grin.

“Masalan, istasam men ham nomzodimni qo’yishim mumkin”.

Lekin shu paytgacha spikerlarning barchasi Vakillar Palatasi a’zosi bo’lgan.

Vakillar Palatasini besh yil boshqargan Jon Beyner o’z partiyasining radikal a’zolari bilan ham, demokratlar bilan ham moliyaviy masalalar ustida ko’p tortishgan. Oxir-oqibat u iste’fo berishga qaror qildi.

“Bu tortishuvlar qonunchilik organiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin edi”,- deydi Beyner.

An’anaga ko’ra, hukmron partiya lideri Palata spikeri etib saylanadi. Ammo Vakillar Palatasining barcha a’zolari nomzodga ovoz berishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG