Nyu-York aviatsiya maktabiga qiziqish katta

  • Amerika Ovozi

Amerika maktablarini bitirish arafasida turgan yigit-qizlar tezda ish topishni orzu qiladi. Nyu-Yorkning Kuins tumanida joylashgan Aviatsiya maktabi bitiruvchilari uchun bu orzuga erishish oson.

Aviatsiya maktabida 2000 dan ziyod talaba o’qiydi. Bugun Prezident Jon Kennedi nomli aeroportga kelgan 24 talabadan ayrimlarini ko’ryapmiz. Ular Federal aviatsiya agentligi ruhsatnomasini olish uchun amaliyot o’tamoqda. Keyingi bosqich – ish topish yoki kollejga kirish.

Aviatsiya maktabining asosiy binosi Nyu-Yorkning Kuins tumanida joylashgan. Aksariyat talabalar angarda samolyot tuzilishi, dizayni va ta’mirlanshni o’rganadi. Bu “po’lat qushlar”ning ayrimlari Ikkinchi Jahon urushidan oldin yasalgan.

Kunning ikkinchi yarmi ingliz tili, algebra va fizika kabi fanlarni o’rganish bilan o’tadi. 120 nafar o’qituvchidan yarmi - maktab bitiruvchilari, Federal aviatsiya agentligi ruhsatnomasiga ega. Maktab direktori Deno Charalambus ham aynan shu dargohni bitirgan.

“Yigit-qizlarimiz bu yerda nafaqat darslarga qatnaydi. Ularga hamma narsadan saboq berishga harakat qilamiz. O’quvchilarimizga boshqalarga hurmat bilan yondashish, a’lo fuqaro bo’lish, kuchli iroda namoyish qila bilishni o’rgatamiz. Shunda ular hayotga tayyor bo’ladi,” - deydi u.

Bunday yondashuv samara bermoqda: talabalarning 97 foizi darslarga har kuni qatnaydi, 90 foizi maktabni bitiradi, 85 foizi kollejga kiradi. Boshqa mamlakatlardan muallimlar bu yerga kelib, o’rganadi, tajriba almashadi.

“Xitoy, Yaponiya, Pokiston, Bolgariya, Janubiy Amerika, Avstraliya… Hamma yoqdan keladi bu yerga, chunki maktabimizning muvaffaqiyati haqida eshitgan, o’qigan,” - deydi maktab direktori.

Kuniga 10 soat ishlasa-da, talabalar nolimaydi.

“Bu yerda og’ir mehnat qilishga o’rgandik. Boshqa maktablarda bunday emas. Kuni bilan tinimsiz ishlagandan keyin odam qattiq mehnat qilishga ko’nikarkan. Doim bandmiz. Menga shunisi yoqadi,” - deydi Amira ismli talaba qiz.

Kursdoshi Jastin unga jo'r bo'ladi:

“Men Delta aviakompaniyasida amaliyot o’tayapman. O’qituvchilarimiz aytgan ishlar turini u yerda o’zim bajaraman. Bergan bilimini amalda qo’llayman. Zo’r emasmi? Soha mutaxassislari bilan tanishish imkoni bor. Bu foydali, chunki men kelajakda shu sohada ishlamoqchiman”.

“Maktabni bitirgandan keyin katta aviakompaniyada ish topdim, Boing-747 samolyotida ishladim. Shundoq maktabni bitirgach. Tasavvur qiling-a! Mamlakatimizda boshda bunday maktab yo’q,” - deydi maktab o'qituvchilaridan Bimal Nair.

Aviatsiya maktabi bitiruvchilari dunyoning turli burchaklarida ishlaydi. AQShda samolyot mexaniklarining 12 foizi - ushbu maktab bitiruvchilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG