"Nyu-York Tayms" gazetasi nochorlarga yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

1911-yildan beri “Nyu-York Tayms” gazetasi har yili bayram mavsumida og’ir hayot kechirayotgan oddiy nyu-yorkliklar hayoti haqida hikoya qiladi. Gazeta shu orqali o’quvchilardan xayriya ehsonlari yig’ib, nochorlarga yordam beradi.
Bundan 102 yil muqaddam “Nyu-York Tayms” gazetasi noshiri Adolf Oks ko’chadagi bir tilanchiga gazetadan ish berib, nashrning nochorlarga yordam beruvchi jamg’armasiga asos solgan edi. O’shandan beri shaharda katta o’zgarishlar ro’y berdi. Ammo jamg’armaning ahamiyati kamaygani yo’q, deydi “Nyu-York Tayms”ning nochorlar ishlari bilan shug’ullanadigan fondi rahbari Maykl Golden.

“Bu fond yuragimizdan alohida o’rin olgan. Chunki Nyu-York ziddiyatlarga boy shahar. Ulkan imkoniyatlar maskani bo’lish bilan birga unda og’ir hayot kechiradiganlar ham ko’p”, - deydi u.

Goldenning aytishicha, jamg’armadan yordam oluvchilar doirasi kengayib boryapti. Ular orasida hozir o’rta qatlam vakillari yoki shu qatlamga kirishga urinayotganlar bor.

“Ular hayotida kutilmagan bir muammoga yuz tutgan odamlar. Agar yordam olmasalar, hayotlarini qayta izga sola olmasliklari mumkin”, - deydi jamg’arma rahbari Golden.

“La Sanshayn” nomi bilan tanilgan hip-hop musiqachisi ham “Nyu-York Tayms” jamg’armasidan yordam olganlardan. Yolg’izlik va giyohvand moddalar iste’molidan chuqur tushkunlikka tushgan musiqachi bola uchun to’lanmagan alimentlar tufayli 35 ming dollar qarzdor bo’lib qoladi. O’z uyi ijarasi haqini ham to’lay olmagan musiqachi gazeta jamg’armasidan olgan yordam tufayli uysizlikdan saqlanib qolgan.

“Og’ir ahvolda edim. Yana o’sha holatga tushishni aslo istamayman. Nihoyat hayotimning shunday qora davridan chiqib oldim. Yana toyilishim mumkin, ammo qayta oyoqqa turaman. Yiqilganda hamma shunday qilishi kerak”, - deydi qo’shiqchi.

Qizi ruhiy xastalik tufayli farzandlariga qaray olmaydigan holatga tushgach, Meybl Mudi nevaralariga qarab turish uchun ishidan ketishga qaror qiladi. U soati kam bo’lgan boshqa ish topishga urinadi, ammo bu oson bo’lmaydi. Bundan tashqari, darsdan so’ng bolalarga qarab turishda ko’malkashuvchi dasturni moliyalash to’xtatilgach, Mudi jiddiy yordamga muhtoj bo’lib qoladi.

“Oziq-ovqat, bolalar kiyimlari va elektr quvvati uchun pulga muhtoj edim. Bir kuni “Milibank”ka borib, ularga ahvolimni tushuntirgan edim, “Nyu-York Tayms” yordam jamg’armasiga ariza topshirib ko’rishimni maslahat berishdi. Ammo bu men uchun oson bo’lmadi. Chunki men yordam so’rab o’rganmaganman”, - deydi u.

“Nyu-York Tayms” nochorlar jamg’armasi 102 yillik faoliyati davomida qariyb chorak milliard dollar yordam puli yiqqan. Jamg’arma raisi Maykl Goldenning aytishicha, bu xayrli ish ortida turgan asosiy kuch odamlarga yaxshilik qilish hissidir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG