Nyu-York shahri 11-sentabr voqealaridan 15 yil o'tib...

  • Amerika Ovozi

11-sentabr xurujidan beri o'tgan 15 yil davomida Nyu-Yorkning Manhetten tumani gullab-yashnadi. Shaharda qayta qurish ishlari hanuz davom etmoqda. Mahalliy aholi va sayyohlar Nyu-Yorkning tinch va xavfsiz ekanidan mamnun, ammo 2001-yilgi fojea ko'pchilikning qarashlarini o'zgartirgan.

Egizak binolar o'rnida bugun "Yagona dunyo" savdo markazi qad rostlagan. Terror xurujlarida qulagan minoralardan ham ko'ra balandroq majmua shaharning qudrati va matonati ramzi sanaladi. Fojeadan qolgan ko'ngil yaralari bitgandek, ammo shahar aslo avvalgidek emas.

"Dunyo oldingidek xavfsiz emas. Vaziyat yomonlashgan", - deydi sayyohlardan biri.

"Qayerga borsam, xavfsizman. Lekin kutilmagan narsa hamma joyda bo'lishi mumkin", - deydi yana bir sayyoh.

11-sentabr Xotira muzeyida 2001-yil xurujining global ta'siri aks etgan ko'rgazmalar bor.

Muzey direktori o'sha kundan beri shaharda o'zgarishlar katta ekanini aytadi.

"Ajoyib yangi minoralar qad ko'tardi. Yangi transport markazi ochildi. Ularning o'rtasida mana shu ajoyib xotira yodgorligi bor. Bu yer hayotni esga olish maskani", - deydi muzey direktori Alis Grinvald.

Minora qurib bitkazildi, ammo binoda ishlar hanuz davom etmoqda. 11-sentabr dahshatini ko'pchilik unutgani yo'q.

"Shu hududda ishlaydigan odamlar bor edi. Ular maktabga bolalarini olgani kelganda ust-boshlari chang-to'zon edi", - deydi sobiq o'qituvchi Flora Mazariello.

"Keyingi kunlarda metroda yurganimizda g'alati hidlar kelardi. Chunki o'sha hududda do'konlar yopilgan va u yerdagi oziq-ovqat achib boshlagan edi. Bu o'lgan jasadlarning hidi bo'lsachi, degan xayol ham kelardi", - deydi nyu-yorkliklardan biri.

Yagona savdo markazi yaqinida bir paytlar qamoqxona joylashgan bog' bor. Betsi Rendolf bunda ramziy ma'no ko'radi.

"Shunday go'zallik orasidaman. Buning ostida esa achchiq tarix yotibdi. Ilgari qanday edigu, hozir qandaymiz. 11-sentabr voqealaridan so'ng shu kunlargacha yetib keldik", - deya xotirlaydi u.

Nyu-yorkliklar bu bog'ga kelib sokinlikda orom oladi. Hatto bunday tinch joylarda ham kelajakdan xavotirda bo'lganlar yo'q emas.

"Provokatsiya va ayirmachilik xavfidan bezovtaman", - deydi Rayn ismli yigit.

"Kuchli xavfsizlik va tinchlikka egamiz. Kimdir buning g'amini yeyapti. Ko'rinmas kimdir bizga g'amxo'rlik qilyapti", - deydi Ariel.

Xavotirlar va farqli qarashlar mavjud, ammo hamma bir masalada yakdil: nima bo'lishidan qat'i nazar ular Nyu-Yorkni birdek sevadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG