Nyu-Gempshirdagi saylovda Sanders va Tramp yutdi

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlik poygasi qizg’in pallaga kirdi. Kecha, seshanba kuni Nyu-Gempshir shtatida kechgan partiyaviy saylovlarda respublikachilardan milliarder Donald Tramp, Demokratik partiyadan esa Vermont shtati senatori Berni Sanders g’olib chiqdi.

Donald Tramp Ayova shtatida ikkinchi o’rinni qo’lga kiritgan edi. Bahsli qarashlari bilan tanilgan biznesmen bu safargi g’alabadan boshi osmonda.

“Boshqa shtatlarda ham eng ko’p ovozlar bizniki bo’ladi. Men prezident bo’lsam, Amerika avvalgidek yana buyuk davlatga aylanadi”, - deya ta’kidladi Tramp.

Respublikachilardan ikkinchilikni kutilmaganda Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik qo'lga kiritdi.

Nomzodlarni tanlash uchun poygada demokratlardan Berni Sanders raqibi Hillari Klintonni ortda qoldirdi.

“Bu mamlakat siyosatchilarga pul beradigan boy-badavlat fuqarolarniki emas, bu davlat barchamizniki”, - dedi Sanders o’z tarafdorlariga murojaatida.

Sanders Nyu-Gempshirda 60 foiz, sobiq tashqi ishlar vaziri Hillari Klinton 38 foiz ovoz olgan.

Klinton xonim o’z tarafdorlarini umidni boy bermaslikka undadi. Xalq hayotini yaxshilash uchun hech bir nomzod menchalik kurashmaydi, deydi u.

Ichki partiyaviy saylovlar shtatma-shtat davom etayapti. Navbatda Janubiy Karolina va Nevada shtatlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG