"Boko Haram" qizlarni qurol qilib ishlatmoqda

  • Amerika Ovozi

Jangarilar olib qochgan qiz Monika Markning onasi Marta Mark

Jangarilar olib qochgan qiz Monika Markning onasi Marta Mark

Nigeriyadagi qonxo’r “Boko Haram” to’dasi suiqasd xurujlarini amalga oshirishda o’quvchi qizlardan tobora keng foydalanayapti. BMTning Bolalar jamg’armasi hisobotiga ko’ra, xurujlarga bolalarni jalb qilish hollari o’n karra oshgan. Ko’pincha qizlar jabr ko’rayapti.

BMT Bolalar jamg’armasining bildirishicha, “Boko Haram” qo’lida suiqasd xurujlari sodir etishga majbur har besh kishidan biri yosh bola.

UNICEFning Nigeriyadagi matbuot kotibi Dun Porter bu bolalar qurbonlardir, hamtovoqlar emas, deydi.

“2014-yilda to’rt boladan xurujlarda foydalanishgan. 2015-yilda 44 bolani qurbon qilishgan. Qo’rqinchli raqamlar-ku! Qiz-o’g’illarni aldab, dahshatli jinoyatlar sodir etishayapti. Nigeriya va qo’shni davlatlarning fojeasi bu”, - deydi Porter.

Hujumlarning deyarli bari Kamerun va Nigeriyada amalga oshirilib, ko’pida qizlardan foydalanilgan.

Joriy haftada Nigeriyaning Chibok qishlog’idagi maktabdan 219 nafar o’quvchi qiz o’g’irlab qochilganiga ikki yil bo’ladi. U qizlardan birortasi topilgani yo’q. Faollarning aytishicha, Chibok qizlari xamir uchidan patir.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Wach” tashkiloti hisobicha, “Boko Haram” ikki mingdan ziyod odamni o’g’irlab qochgan. Ko’pi xotin-qizlar, jumladan, talabalar.

“Boko Haram”dan ozod qilingan qiz va ayollarning aytishicha, jangarilar ularning nomusiga tegib, qul qilib ishlatgan. Biroq UNICEFning bildirishicha, qizlar tobora ko’p hollarda xurujlarni sodir etishga jalb qilinar ekan, tutqinlikdan qochganlarni jamiyat shubha bilan qarshi olmoqda.

Nigeriya va ittifoqchi davlatlar qo’shinlari o’tgan yili jangari to’dani shahar va qishloqlardan haydashga zo’r berdi. Natijada “Boko Haram” qonli hujumlar bilan javob qaytarmoqda.

Nigeriya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, general Rabe Abubakr so’zlariga ko’ra, jangarilar yollagan odamlar o’zini telbaga solib olomon orasiga kirib olgan va o’zini portlatgan holatlar bor. Ba’zida erkaklar ayol bo’lib kiyinib oladi va masjidlarga kirib bombalarni portlatadi, deydi u.

Yetti yildan beri faol “Boko Haram” 20 ming odamni o’ldirdi, ikki milliondan ziyod kishi uyini tashlab qochdi.

“Human Rights Watch”ning bildirishicha, “Boko Haram” 2009-yildan beri 611 nafar muallimni o’ldirgan. Jangarilar ikki mingdan ziyod maktablarni yo yo’q qilgan, yo yopishga majbur qilgan. Bu degani - qariyb bir million bola o’qish imkonidan mahrum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG