Nisha Bisvol: Andijon fojeasiga 10 yil to'ldi


Nisha Bisvol Vashingtonda, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida so'zlayapti. 12-may, 2015-yil.

Nisha Bisvol Vashingtonda, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida so'zlayapti. 12-may, 2015-yil.

Andijon fojeasiga 10 yil to’lar ekan, AQSh rasmiylari Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston rahbariyatiga tinchlik va fuqaro huquqlariga hurmat chambarchas bog’liq ekanini eslatmoqda. Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Nisha Bisvol kecha Vashingtonda o’sha mash’um voqealarni alohida tilga oldi.

“13-may kuni Andijon fojeasining 10 yilligi... Bu voqealar hamon esimizda”, - deydi Bisvol xonim.

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati poytaxtdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida siyosatdonlar, elchilar va jurnalistlar oldida so’zladi.

“Markaziy Osiyo davlatlari tom ma’noda barqarorlikka erishishni istasa, fuqaroning uzviy huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi lozim. Busiz tinch-osuda jamiyat qurib bo’lmaydi. Bu shunchaki nazariya emas, tarix buni tasdiqlab keladi, - deydi diplomat.

2005-yilning 13-mayida Andijonda minglab odamlar namoyishga chiqqan, armiya ularni yoppasiga o’qqa tutib, natijada guvohlar so’zlariga ko’ra, kamida 500 odam halok bo’lgan. Hukumat esa faqat 187 kishi o'lganini ta’kidlaydi. Yurak yutib mavzuni ko’targan faollar, jurnalistlar quvg’inga uchragan, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan. Voqea guvohlari vatandan badarg’a qilingan. Qo’rquv hissi hanuz kuchli va odamlar ko’rgani haqida og’iz ochmaydi. Chetga chiqib ketganlar O’zbekistonda qolgan yaqinlariga jabr qilishni istamasligi aytib, gapirmaydi.

“Human Rights Watch” va Xalqaro Amnistiya kabi inson huquqlari tashkilotlari esa Qo’shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va boshqa hukumatlarni O’zbekistonda huquqiy ahvolga e’tiborni oshiring, deb eslatib charchamaydi.

Nisha Bisvolning so’zlariga ko’ra, Vashington huquq va diniy erkinlik mavzusini ko’tarsa, Markaziy Osiyo davlatlari ekstremizm va terrorizmni ko’taradi. Qonxo’r ekstremizm haqiqatda jiddiy xatar ekanini bilamiz, tushunamiz, deydi diplomat.

“Mintaqa davlatlari bilan huquq va diniy erkinlik haqida muloqot qilar ekanmiz, ular bunga javoban ekstremizm xavfi oshib borayotganini eslatadi. Hukumatlar bu xavf bilan qanday olishish mumkin, deya so’ramoqda. Bu xavotirlarni tushunamiz. Qozog’iston yaqinda ekstremizmga qarshi mintaqaviy anjumanga mezbonlik qiladi va Qo’shma Shtatlar qatnashchilardan”, - deydi rasmiy.

Diplomat Nisha Bisvol Markaziy Osiyo hukumatlariga shuni eslatadiki:

“Ekstremizmga qarshi kurash deganda faqat chegaralar mudofaasi va huquq-tartibot idoralari ishini mustahkamlashni tushunmaslik kerak. Markaziy Osiyo rahbarlari ekstremizm ortidagi tub sabablarni aniqlasin, muammolarga yechim topsin. Toki fuqarolarning fikr va e’tiqod erkinliklari ekstremizmga qarshi kurash bahonasi bilan oyog’osti qilinmasin”, - deydi AQSh diplomati.

Nisha Bisvol o’tgan yili O’zbekistonga safaridan keyin Toshkent bilan munosabatlarda Vashington strategik sabr-toqat siyosatini olib borayotganini ta’kidlagan edi. Huquq tashkilotlari nazarida sabr-toqat bilan yondashish shuncha yil Toshkent bilan ish bermadi, aksincha, ahvol og’irlashdi. Inson haqlari toptalishi, jumladan, Andijon fojeasi uchun O’zbekiston rasmiylari javobgarlikka tutilishi shart, deb hisoblaydi “Human Rights Watch” tashkiloti.

XS
SM
MD
LG