AQSh: Markaziy Osiyoda e'tiborimiz iqtisod va "Islomiy davlat" tahdidida

  • Amerika Ovozi

Nisha Bisvol - AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini

Nisha Bisvol - AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini

Yaqinda Vashingtonda siyosat va ilm ahli oldida so'zlagan Nisha Bisvol, AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini deydiki, Obama ma'muriyati bu yili mintaqada e'tiborni asosan ikki masalaga qaratadi: iqtisodiy qiyinchiliklar va terrorizmga qarshi kurash.

Rossiya yuzlashgan moliyaviy inqiroz ta'siri Markaziy Osiyo bo'ylab qattiqroq sezila boshlagan, deydi Bisvol. Migrant ishchilardan kelayotgan daromad milliardlab dollarga kamaygan, ayniqsa O'zbekiston va Tojikistonda. Tabiiy gaz va neft bahosining tushib ketishi ham vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi ahvolni qanchalik o'zgartirganini hozircha sarhisob qilish qiyin, lekin shunisi aniqki, mintaqa ko'p jihatdan hamon Rossiyaga tobe.

Ammo AQSh va Yevropa Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni hali beri bekor qilmoqchi emas. Aksincha, Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak degan talab asosida yangi cheklovlar haqida ogohlantirmoqda.

AQSh Moliya vaziri Jek Lyu bu sanksiyalar ish bermoqda, ulardan qutulish Moskvaning o'z irodasiga bog'liq.

Xitoyning iqtisodiy roli oshib bormoqda. Mamlakatlar Osiyoning boshqa yirik davlatlari, xususan Hindiston va Yaponiyaga umid bilan qaraydi. Maqsad - iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yo'nalishlarni ko'paytirish, ishlab chiqarishni xilma-xillashtirish. Amerika bu harakatlarni quvvatlaydi va imkon qadar yordam berishga tayyor, deydi Bisvol.

2015-yilning noyabrida Markaziy Osiyoning besh respublikasi va AQSh C5+1 degan tashabbusni e'lon qilib, mintaqaviy hamkorlik tomon dadil qadamlar tashlashga kelishib olgan. Biroq bu tashabbus asosan qog'ozda. Amerika qancha sarmoya olib kiradi degan savolga rasmiylar AQSh hukumati emas, xalqaro donorlar va bizneslar investitsiya qiladi, buning uchun esa zarur sharoit ta'minlanishi kerak, deya javob beradi.

Amerika mintaqa bo'ylab inson huquqlari va qonun ustuvorligi, demokratiya va islohotlar, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyot yo'lida hissa qo'shishda davom etadi, deya bildiradi Davlat departamenti, lekin bu jamiyatlarni rivojlantirish uning egalari qo'lida.

Yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'lgan Toshkentdagi elchi Pamela Spratlen deydiki: " Biz O’zbekistonga nisbatan pragmatik yondashamiz va o’zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda hamkorlik olib borayapmiz."

Davlat departamentining bildirishicha, mintaqaning har bir davlati uchun o'zini ekstremizm va terrorizmdan himoya qilish asosiy vazifalardan biri bo'lib qolmoqda. AQSh bilan hamkorlikda ular shunga katta urg'u beradi. Minglab markaziy osiyoliklar "Islomiy davlat" va boshqa jangari to'dalar safida ekan, ularning vatanga ta'siri yoxud qaytib kelib, mintaqada hujumlar qilish ehtimoli yuzasidan xavotirlar kuchli, deydi Bisvol.

Lekin Amerika rasmiylari Markaziy Osiyoga eng kuchli tahdid terrorizmdan deb hisoblamaydi. "Amerika Ovozi" bilan muloqotlarda mintaqa farovonligi va barqarorligini ta'minlovchi omillar ichki muammolar yechimiga bog'liq ekani ko'p qayd etiladi.

Iqtisod va tirikchilik, erkinlik va oshkoralik, ta'lim va sog'liqni saqlash - bu jabhalardagi real yutuqlar har bir jamiyatni yaxshiroq kelajak tomon yetaklaydi, deydi diplomatlar.

Nisha Bisvol bu hafta qilgan nutqida fuqaro jamiyati va hukumatlar orasidagi muloqotni kengaytirish muhim talab deya ta'kidladi. Terrorizmga qarshi kurash bo'ladimi yoki boshqa siyosiy-ijtimoiy muammolar, rahbarlar xalq dardini tinglashi kerak.

Ekstremizmga qarshi kurashda e'tiqod erkinligi va fuqaro huquqlari oyoq osti qilinmasligi lozim. Bu murakkab vazifa, deydi rasmiy, lekin qonun ustuvorligini ta'minlamay turib, biror tahdidning oldini olish mumkin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG