Xitoylik dissident - 2010-yil Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati

  • Amerika Ovozi

Lyu Syaobo

Lyu Syaobo

54 yoshli Lyu fan doktori, universitetda Xitoy adabiyoti professori bo'lgan. Ayni damda qamoqda.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti bu yili xitoylik dissident Lyu Syaoboga nasib etdi. Inson huquqlari kurashchisi ayni damda Xitoy qamog'ida o'tiribdi. Rasmiy Pekin Nobel qo'mitasi qarorini qoralamoqda.

Lyu Syaobo Nobel sovriniga asosiy da'vogarlardan bo'lib, rasmiy Pekin Norvegiya hukumatini mukofotni unga bermaslik haqida ogohlantirgan, aks holda diplomatik aloqalarga putur yetishi haqida aytgan edi. 54 yoshli Lyu fan doktori, universitetda Xitoy adabiyoti professori bo'lgan. 1989-yilda Tiananmen maydonidagi namoyishlarda ishtiroki uchun avval ikki yilga, so'ng mahbuslar ozodligini talab qilgani uchun 1996-yilda uch yilga, Xitoyda siyosiy islohotlarga da'vat etuvchi manifestga mualliflik qilgani uchun esa o'tgan yili 11 yilga qamalgan.

Nobel qo'mitasiga ko'ra, inson huquqlari va tinchlik bir-biriga uzviy bog'liq masalalar.

Nobel mukofoti, deydi qo'mita rahbari Torbyorn Yaglund, aniq siyosiy maqsadni ko'zlaydi.

"Xitoy jahonda iqtisodiy va siyosiy kuchga to'ldi. Yirik davlatlarni tanqid qilish tabiiy hol. Ikkinchi jahon urushidan so'ng Qo'shma Shtatlar ko'p tanqid qilinib, bu unga foyda keltirgan. Shu bois Xitoyni ham tanqid qilishga haqlimiz", - deydi Yaglund.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Nobel qo'mitasi qarorini didsiz va sovrin maqsadlariga zid deb atagan.

Vazirlik rasmiysi Lyu Syaobo ismini tilga olmay, uni jinoyatchi deb atab, Xitoy qonunlarini buzgani uchun qamalganini ta'kidlagan.

Rasmiy Pekin Norvegiya bilan munosabatlar taranglashishi haqida ogohlantirmoqda. Xabarlarga ko'ra, laureat ismi e'lon qilinayotgan payt Xitoyda CNN xalqaro axborot telekanali signallariga to'siq qo'yilgan. Nobel mukofoti sovrindorga dekabr oyida topshirilishi kerak, biroq Xitoy hukumati mahbusni mamlakatdan chiqarishi gumon.

Tinchlik uchun Nobel mukofotiga da'vogarlar orasida Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham bo'lgan. Laureatga 1 million yevro to'lanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG