Nobel tinchlik mukofoti sovrindorlari – Kaylash Satyarti va Malala Yusufzoy

  • Amerika Ovozi

Kaylash Satyarti va Malala Yusufzoy

Kaylash Satyarti va Malala Yusufzoy

2014-yilgi Nobel uchun tinchlik mukofoti sovrindorlari aniqlandi - global miqyosda ilm elchisiga aylangan Malala Yusufzoy hamda bolalar huquqlari himoyachisi Kaylash Satyarti.

Nobel qo’mitasi raisi Torbyorn Yagland deydiki, pokistonlik o'quvchi va hindistonlik mutaxassis yoshlar va bolalar tahqirlanishiga qarshi mardona kurashib, ularni bilim olishga da’vat etgani uchun yuksak mukofotga loyiq.

Uning aytishicha, hindu va musulmon, ikki e’tiqod vakili birgalashib ta’lim olish huquqi uchun va ekstremizmga qarshi bir yoqadan bosh chiqargani chuqur ahamiyatga ega.

Malala Yusufzoy Pokistonda xotin-qizlarni erkaklar bilan teng ko’rishni talab qilgani uchun 2012-yilda Tolibon tomonidan otib ketilgan.

Jarohatlaridan tuzalib, u kurashni davom ettirayapti. 17 yoshida Malala Nobel unvonini qo’lga kiritgan eng yosh faol. O’quvchi qiz hozir Britaniyada yashayapti.

Mukofotga munosib topilgani haqida darsda o'tirganida xabar topgan Malala bu ulug' sovrin uchun butun dunyo xalqiga minnatdorchilik bildirmoqda.

"Bilim olish har bir bolaning uzviy huquqi ekan, uni talab qilishda davom etamiz", - deydi u, jahon bo'ylab yosh avlodning haq-huquqlari hurmat qilinishiga undar ekan.

Pokiston va boshqa ko'plab davlatlarda maktabga borish har bir bolaga ham nasib etmaydi. Ayniqsa qizlar o'qitilmaydi, vaholanki, har bir inson savodli bo'lishga haqli.

Kaylash Satyarti Hindistonda tinch namoyishlar uyushtirib, bolalarni tijoriy maqsadda ekspluatatsiya qilish, majburiy mehnat va zamonaviy qulchilik mummolariga e’tibor qaratib keladi.

Satyartining kasbi muhandis lekin atrofda bolalar qanchalik xo'rlanayotganiga chidab turolmagan mutaxassis jamg'armaga asos solib, xayriya orqali tushgan pulni yosh avlod hayotini yaxshilashga sarflab keladi. Shu kungacha millionlab bolalarning ahvoli yaxshilandi, ular o'z yo'lini topib ketishi uchun yordam ko'rsatildi.

Bugun Satyartining tashkiloti bu borada global miqyosda ishlaydigan nohukumat va notijoriy tizimlarning bir qismi. Go'daklikdan boshlab maktabgacha, maktabdan esa oliygohgacha ko'maklashish - Satyarti rahbarligidagi "Bachpan Bachao Andolan" (Bolalikni asrang) tashkilotining asosiy maqsadi.

Nobel uchun tinchlik mukofotini topshirish marosimi shu yilning dekabrida Norvegiya poytaxti Osloda bo’lib o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG