Shimoliy Koreya Seul va Vashingtonning harbiy mashqlaridan g'azabda

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya qisqa masofaga uchadigan ikki raketani dengiz tomon uchirdi. Pxenyan shu tariqa Janubiy Koreya va Qo'shma Shtatlarning birgalikdagi harbiy mashg'ulotlariga javob qilgani ehtimol, deydi kuzatuvchilar.

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligining bildirishicha, raketalar payshanba ertalab mamlakat janubidagi Shimoliy Xvanxe viloyatidan uchirilgan. 500 kilometrni bosib o'tgan raketalar so'ng dengizga tushgan.

Bunday ziddiyat Koreya yarimoroli uchun odatiy ko'rinish. Shimoliy Koreya Seul va Vashingtonning qo'shma harbiy mashqlarini tanqid qilib, o'ziga nisbatan tahdid, ehtimoliy bosqinga tayyorgarlik deb biladi.

Bundan tashqari, kommunistik davlat o'z hududida qolayotgan va Janubiy Koreyaga qarashli barcha inshootlarni yo'q qilishini bildirgan. Gap ikki Koreyaning qo'shma loyihasi, Keson sanoat majmui va Kumgan turizm maskani haqida ketayapti. Shuningdek, Pxenyan janub bilan har qanday iqtisodiy hamkorlik loyihalari va almashinuv dasturlarini bekor qilib, Janubiy Koreya hukumatiga qarshi harbiy va iqtisodiy choralar ko'rishini aytib po'pisa qilmoqda.

Kommunistik mamlakat, shuningdek, BMT yaqinda shimol amalga oshirgan raketa va yadro sinovlariga javoban joriy etgan kengroq sanksiyalardan ham g'azabda.

Shimoliy Koreya qisqa masofali raketalarni jamlab qo'ygan va hozirda uzoq masofali, qit'alararo raketalar ustida ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG