Amerika Shimoliy Koreyaga: Nayrangbozlikdan foyda yo'q

  • Amerika Ovozi

Amerikaning pozitsiyasi shuki, Shimoliy Koreya yangi dasturi haqida maqtanib, G’arbda xavotir uyg’otib, undan biror narsa undirmoqchi bo’lsa, xato qiladi.

Amerikaning pozitsiyasi shuki, Shimoliy Koreya yangi dasturi haqida maqtanib, G’arbda xavotir uyg’otib, undan biror narsa undirmoqchi bo’lsa, xato qiladi.

Yaqinda Shimoliy Koreya uranni boyitish ishlarini qayta boshlaganini ayon qildi. Vashington nazarida bunday harakatlari bilan Pxenyan o’zini xalqaro hamjamiyatdan yanada uzoqlashtiradi.

AQSh yangi loyiha haqida ma’lumot olib, ittifoqchi davlatlar bilan maslahatlashar ekan, Davlat departamenti Shimoliy Koreyani o’zboshimchalik qimmatga tushadi deya ogohlantirmoqda.

Shimoliy Koreya yadro inshootlarida

Shimoliy Koreya yadro inshootlarida

Amerikaning pozitsiyasi shuki, Shimoliy Koreya yangi dasturi haqida maqtanib, G’arbda xavotir uyg’otib, undan biror narsa undirmoqchi bo’lsa, xato qiladi. Murosa, hamkorlik izlayotgan davlat bunday qing’ir yo’ldan bormaydi, deydi diplomatlar.

Yaqinda amerikalik yadrofizik Sigfrid Xeker Shimoliy Koreyaga safar qilganida, unga yangi inshootlar, xususan mingdan oshiq sentrifuga qanday ishlayotgani ko’rsatilgan.

Obama ma’muriyati darhol maxsus vakili Stiven Bosvortni Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoyga yo’lladi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir

“Pxenyan “ommaviy tomosha” uyushtirib, amerikalik olimga o’z qudratini ko’z-ko’z qilib, nimaga erishmoqchi”? – deya so’raydi Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli.

“Shimoliy Koreyaning yadroviy maqsadlari azaldan ma’lum. Amerika va unga hamkor davlatlar Pxenyanni murosa yo’lini tanlab, dasturini tugatsa katta iqtisodiy yordam va’da qilib keladi. Lekin Shimoliy Koreya dunyoni qo’rqitish payida. Biror xavotirli ish qilib, madad undirsam deydi. Biz bunga toqat qilmaymiz”,- deydi Filip Krouli.

AQSh Davlat departamenti

AQSh Davlat departamenti

Shimoliy Koreya qo’lida bir necha kichik turdagi atom qurollari borligi ma’lum. Pxenyan iqtisodiy va siyosiy manfaatini ko’zlab, 2005 yilda yadroviy programmasini yopishga ko’ngan edi. Lekin sal o’tmay bu fikridan qaytdi va shundan beri xalqaro hamjamiyat bilan muloqot to’xtab qolgan.

“Amerika vahimaga tushayotgani yo’q”,- deydi Davlat departamenti so’zlovchisi. “Lekin biz nima chora ko’rish haqida o’ylayapmiz va maslahatlashayapmiz”.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va boshqa rasmiylar xavotiri shuki, Shimoliy Koreya qo’lidagi qurol, texnologiya va yadroviy materiallarni boshqa davlatlar yoki xavfli guruhlarga sotishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG