AQSh: Shimoliy Koreya bilan muzokara qilish mumkin, muayyan shartlar asosida


AQSh: Shimoliy Koreya bilan muzokara qilish mumkin, muayyan shartlar asosida

AQSh: Shimoliy Koreya bilan muzokara qilish mumkin, muayyan shartlar asosida

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya yadro dasturi bo’yicha olti tomonlama muzokaralar davom etishi mumkin, agar bu davlat provokatsiyani bas qilib, avval imzolangan kelishuvlarga amal qilsa.

Osiyo bo’ylab safarini yakunlayotgan Geyts bu haqda Janubiy Koreyada so’zladi.

Shimoliy Koreyani muzokara stoliga qaytarish zaruriyati xalqaro sahnada bot-bot tilga olinyapti. AQSh vaziri fikricha, avvalo ikki Koreya o’zaro gaplashib olishi kerak.

“Shimoliy Koreya muloqotga samimiy yondashsa diplomatiyaga yo’l ochiladi. Birinchi navbatda provokatsion hatti-harakatlarni bas qilsin, xalqaro majburiyatlarini tan olsin”, - deydi Robert Geyts.

O’tgan yilning dekabrida janub tomon otilgan raketalardan bir necha kishi halok bo’lgan edi. Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Kvan-jin nazarida tahdid darajasi hamon yuqori.

Uning aytishicha, hujumlar qaytarilishi mumkin degan doimiy qo’rquv bor. Ikki mamlakat o’rtasida ziddiyatlar Koreya urushidan beri eng qaltis nuqtaga yetgan.

Vazir Geyts Seulda prezident Li Myung-bak bilan ham muloqot qilgan. Janubiy Koreyada AQShning 28 ming sonli qo’shini bor.

G’arb Shimoliy Koreya so’nggi yillarda uzoq masofali raketalarga ega bo’lish uchun harakat qilayotganidan xavotirda.

AQSh admirali Mayk Mullen provokatsiyalar katta bir fojia bilan tugashi mumkin, deb ogohlantirmoqda. Uning fikricha, qo’shni davlatlar, jumladan Rossiya, Yaponiya va Janubiy Koreya Pxenyanga birgalikda bosim o’tkazishi zarur.

Shimoliy Koreyani yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun olti davlatni o’z ichiga olgan muzokaralar 2008 yilda to’xtab qolgan edi. Uni davom ettirish lozim, chunki Pxenyanni jilovlashning eng samarali yo’li shu, degan chaqiriqlar yangrayapti.

XS
SM
MD
LG