Vashington Pxenyanga nisbatan bosimni oshiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh-Xitoy muzokaralari, Pekin, 13-aprel, 2013

AQSh-Xitoy muzokaralari, Pekin, 13-aprel, 2013

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Pekinda Xitoy prezidenti Si Zinpin bilan muloqot qilar ekan, asosiy e’tibor Shimoliy Koreyada bo’ldi.

Xitoy Pxenyanning eng yaqin hamkori. Vashington Pekindan “Shimoliy Koreyani provokatsion harakatlarni bas qilishga ko’ndiring”, deya undamoqda.

Pxenyan bir necha kundirki, atom bombalarini sinovdan o’tkazmoqchi ekani haqida ogohlantirmoqda.

Xitoy nazarida hech bir davlat butun mintaqa yoki yer sharini xavf ostiga qo’yadigan qarorlar qilmasligi shart.

Pekindagi bugungi muzokaralarda Suriya va Eron masalalari ham muhokamada bo’ldi. AQSh-Xitoy iqtisodiy hamkorligi yuzasidan ham muzokaralar kechdi.

Amerika Shimoliy Koreyaga nisbatan iqtisodiy choralarni kuchaytirish payida. Maqsad, deydi rasmiylar, Pxenyanni mablag’dan ayirish, toki u atom dasturlarini qoplay olmasin.

AQSh Moliya vaziri muovini, terrorizmga qarshi kurash va moliyaviy razvedka bo’yicha mas’ul Deyvid Koen deydiki, BMT o’tgan oy joriy etgan yangi sanksiyalarga qo’shimcha ravishda Vashington bosimni oshiradi.

“Xitoy ham shunday qiladi va BMT cheklovlarini amalda qo’llaydi degan umiddamiz”,- deydi Koen.

Uning aytishicha, Pxenyan AQSh dollarini soxtalashtirib, turli moliyaviy jinoyatlar qilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Cher Ir va uning oilasi Shveytsariya bankida katta miqdorda pul yashirgan bo’lishi mumkin va bu tasdiqlansa, unga qo’l tekkiza olmasligini ta’minlash ham Amerika ko’zlagan maqsadlardan biri.

“Hukmdor oilani moliyaviy imkoniyatlardan ayirish kerak va buning uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’ramiz”,- deydi AQSh rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG