Diktaturadan demokratiya sari: Mustabid tuzumga qarshi kurashning nozo'ravon usullari


Nozo'ravon kurash usullari targ'ibotchisi, Albert Eynshteyn instituti asoschisi Jin Sharp

Nozo'ravon kurash usullari targ'ibotchisi, Albert Eynshteyn instituti asoschisi Jin Sharp

Hind faylasufi va ozodlik kurashchisi Mahatma Gandidan tortib AQShdagi fuqaroviy huquqlar harakati yetakchisi Martin Lyuter Kinggacha, ko’plab qalam ahli va siyosatdonlar ozodlikka tinch yo’l bilan erishishni targ’ib qilgan. Umrini nozo’ravon kurash usullarini tadqiq etishga bag’ishlagan amerikalik olim Jin Sharpni ana shunday yo’lboshchilarning izdoshi deyish mumkin. Ziyoli bu mavzuda yarim asrdan beri tadqiqot olib boradi, o’nlab kitoblar yozgan. Asarlari 45 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Jumladan, o’zbek tiliga ham. Keksa siyosatshunos tadqiqotlari asosida bugun Albert Eynshteyn instituti nomli nodavlat tashkilot faoliyat olib bormoqda.

Nozo’rovon kurash usullarining yetakchi namoyandasi sifatida ta’riflanadigan Jin Sharp fikricha, har qanday avtoritar va zo’ravon diktaturaning nozik va zaif nuqtalari bo’ladi. Diktaturani demokratiyaga aylantirish uchun tinch yo’l bilan qarshilik ko’rsatishning kuchli jihatlari ana shunday zaif nuqtalarga qaratilishi kerak, deydi u.

Olim o’z kitoblarida ana shunday kurash usullari va ularni amalga oshirish yo’l-yo’riqlari haqida yozadi.

Sharp olib borgan tadqiqotlar bugun uning o’zi 1983-yilda asos solgan Albert Eynshteyn institutida davom ettirilmoqda. Institut nozo’ravon kurash strategiyasini tadqiq etish hamda jahon bo’ylab mojaro zonalarida ulardan foydalanish yo’llarini o’rganish bilan shug’ullanadi.

Institut ijrochi direktori Jamila Raqibning aytishicha, Serbiyadan tortib Qirg’izistongacha, hatto yaqin yillarda arab dunyosida ro’y bergan inqiloblarda ham Sharp olg’a surgan kurash g’oyalari sinovdan o’tgan.

Ularning asosini nima tashkil qiladi, deya so’raymiz ekspertdan.

“Ishimiz asosida turgan g’oya shuki, avtoritar hukumatlarning, hatto o’ta mustabid diktaturalarning ham zaif tomonlari bo’ladi. Jabr ko’rgan odamlar va faol guruhlar o’zaro reja va strategiya asosida birga ishlab, kuchli tomonlarini birlashtirib, ana shu zaifliklarga e’tibor qaratish orqali tuzumni kuchdan qoldirishlari mumkin. Bu narsa esa puxta rejalashni, jamiyatni va vaziyatni, xususan, nozo’ravon kurash strategiyasini yaxshi o’rganishni taqozo etadi. Biz ularga shu ishlarni qanday amalga oshirishni o’rgatamiz”, - deydi Jamila Raqib.

Albert Eynshteyn instituti ijrochi direktori Jamila Raqib

Albert Eynshteyn instituti ijrochi direktori Jamila Raqib

Mutaxassisning aytishicha, instutut qoshida chop etilgan kitoblar shu kungacha 40 dan ortiq tilga tarjima qilingan va dunyoning turli burchaklarida zolim tuzumlarga qarshi kurash olib borayotgan faollar ularni amaliyotga tatbiq etgan.

Dunyo bo’ylab turli sharoit va dunyoqarashdagi odamlar tomonidan bunday kitob va g’oyalarga talab katta, deydi Jamila Raqib.

“Tibet, Eron, Yaqin Sharq davlatlari, Serbiya, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida, masalan, Qirg’izistonda hamda Afg’onistonda, shuningdek, Afrikada rang-barang siyosiy qarashdagi faollar o’z maqsadlariga erishish uchun nozo’ravon kurash usullaridan foydalanmoqda”, - deydi u.

Nozo’ravon kurash zo’rlik ishlatmasdan ramziy namoyish o’tkazish, hamkorlik qilish va bo'ysunishdan bosh tortish, buyruqlarga bo’ysunmaslik kabi harakatlarni o’z ichiga oladi. Tashkilot da’vosiga ko’ra, bunday kurash usullarini qo’llash orqali diktaturalarni qulatish, davlat to’ntarishining oldini olish, adolatsiz ijtimoiy va iqtisodiy tizimlarni o’zgartirish va hatto bosqinchilarni vatandan haydab chiqarish mumkin.

Jamila Raqibning Jin Sharp tadqiqotlariga asoslanib aytishicha, nozo’ravon kurash olib borishning 193 usuli mavjud va turli vaziyatlar uchun ular orasidan mosini tanlab olish kerak. Eng muhimi bu usul va g’oyalarni ko’proq odamlarga, zulm ostida aziyat chekayotgan davlatlardagi huquq faollariga yetkazish, deydi u.

“Bizga ko’plab guruhlardan iltimos va murojaatlar keladi. Ular vatanlaridagi boshqa odamlar ham o’rganishi uchun kitoblarimizning o’z tillariga tarjima qilinishini istashadi”, - deydi nozo’ravon kurash usullarini targ’ib qilish bilan shug’ullanuvchi tashkilot rasmiysi.

“Arab bahori” boshlanishi ortidan Yaqin Sharqda bunday kitoblarga talab oshgan. Jamila Raqibga ko’ra, Misr inqilobini amalga oshirishda faollar institut targ’ib qilgan usullardan foydalangan.

Jin Sharp kitoblari Markaziy Osiyo tillaridan o’zbek va qirg’iz tillariga tarjima qilingan. Institut vebsaytidan Jin Sharpning ikki kitobini – “Real alternativalar mavjud” hamda “Diktaturadan demokratiyaga: Ozod qilishning konseptual asoslari” asarlarini o’zbek tilida topish mumkin.

Jamila Raqibning aytishicha, bu kitoblar o’zbekistonlik faollar talabi va takliflari asosida tarjima qilingan, ammo tashkilot bu tashabbus ortida qaysi guruh yoki faollar turgani haqiga ma’lumot bera olmaydi.

“Tarjima ko’ngillilar tomonidan amalga oshirildi. Faollarning o’zlari bizga bog’lanib, tarjima qilishni taklif etishdi. Institutimizda mavjud siyosatga ko’ra, ularning kimligi yoki qaysi guruh va tashkilotlar bilan ishlayotganimiz haqida ma’lumot bera olmaymiz”, - deydi u.

Bunday kurash usuli kutilgan samarani beradimi? Har qanday qarshilikni kuch ishlatish yo’li bilan bostirishga o’rgangan avtoritar tuzumlarda ulardan foydalanish qanchalik o’zini oqlaydi?

Institut rahbarining aytishicha, nozo’ravon kurash strategiyasi beradigan natijani aniq raqamlar bilan ifodalash qiyin, ammo unga talabning oshayotgani bunday kurash usulining ahamiyati yuqori ekanini ko’rsatadi.

“Bu kurash usullaridan qanday foydalanish yoki ularning amaliy ahamiyati bo’yicha qarorni guruhlarning o’zlari beradi. Biz ularga aniq bir uslub asosida ish olib borishni tavsiya qilmaymiz. Ammo ishonchimiz komilki, undan turli xil vaziyatlarda, hatto o’ta repressiv jamiyatlarda ham foydalanish mumkin. Tarix davomida bu amalda qo’llanib kelingan”, - deydi Jamila Raqib.

Shu ma’noda, deydi ekspert, O’zbekistonda ham fuqarolar nozo’ravon kurash usullariga qo’l urib, o’z siyosiy maqsadlariga erishishlari mumkin. Buning uchun biz beradigan umumiy ma’lumot va kurash usullari mahalliy sharoit va vaziyatga mos tarzda o’zgartirilishi kerak; bu esa huquq faollari va fuqarolarning o’zlariga havola, deydi u.

Albert Eynshteyn instituti va u taqdim etadigan resurslar haqida tashkilot saytidan batafsil ma’lumot olish mumkin.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG