Shimoliy Koreyada armiyaning 80 yilligi nishonlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Pxenyanda o'tgan harbiy paradda raketalar namoyish qilinmoqda.

Pxenyanda o'tgan harbiy paradda raketalar namoyish qilinmoqda.

Shimoliy Koreya harbiylari armiyaning 80 yillik yubileyini nishonlayapti. Tantanalarda qo’shni Janubiy Koreyaga qarshi yangi tahdid so’zlari yangradi.

Pxenyanda armiya sharafi uchun yangragan olqishlarda mamlakatning kuchli va zamonaviy qurollarga ega ekani va bu qurollar bilan bir zarbada AQShni tiz cho’ktirish mumkinligi tilga olingan. Shimoliy Koreya AQShni zimdan urushga hozirlanayotgan dushman sifatida ko’radi.

Qurolli Kuchlar Bosh shtabi rahbari Ri Yon Xoning televideniye orqali efirga uzatilgan yubiley nutqida “AQShni yer tishlatishga qodir” qurollarning nomi tilga olinmagan.

Shimoliy Koreya askarlari va fuqarolarining to’kilgan qoni bizni g’azab otiga mindirib, Janubiy Koreyaga qarshi o’ch olishga undamoqda, deydi vitse-marshal Ri. Yana uning aytishicha, janubda joylashgan provokatsiya o’chog’ini “muqaddas urush” bilan yakson etish kerak.

Harbiy arbob nutqini tinglab o’tirganlar orasida Shimoliy Koreyaning yangi va yosh rahbari Kim Chen Un ham bor edi. Armiya generali bo’lishiga qaramay, mamlakat rahbari yig’inda nutq so’zlamadi.

13-aprel kuni rasmiy Pxenyan ko’p bosqichli raketa sinovini amalga oshirdi. Uchirilganidan ikki daqiqa o’tar-o’tmas, raketa Sariq dengiz ustida portlab ketdi. Sinov xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi shartlarini buzib, qit’alararo raketa texnologiyasini sinovdan o’tkazganlikda ayblandi.

Sinovning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi shubha va qo’rquvlarning yanada oshishiga xizmat qildi, xolos. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Shimoliy Koreya uchinchi yadro sinovini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Rasmiy Pxenyan navbatdagi sinov haqida rasman e’lon qilmagan bo’lsa ham, sun’iy yo’ldoshdan shu oy boshida olingan suratlar ilgari ikki bor yadro bombalari sinovdan o’tkazilgan yer osti maydonida yangi qazish ishlari boshlanganidan dalolat bermoqda.

Ushbu tajribalar ortidan 2006 va 2009-yillarda uzoq masofaga uchirilgan raketa sinovlari ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi matbuot kotibi Pak Su Jinning aytishicha, qo’shni davlat harbiy sinovlar o’rniga oziq-ovqat taqchilligi muammosiga ko’proq e’tibor qaratishi lozim.

“Biz Shimoliy Koreyani yadroviy qurollarni rivojlantirish o’rniga xalqining qornini to’yg’azishga va g’amxo’rlik qilishga da’vat etamiz”, deydi Pak.

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni ham Shimoliy Koreyani adovatni qo’zg’atadigan ishlardan o’zini tiyishga chaqirdi. Uning aytishicha, bu kabi harakatlar Koreya yarimorolida yoki Shimoli-sharqiy Osiyoda tinchlik o’rnatishga imkon bermaydi.

AQSh Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat yetkazib berish borasida rasmiy Pxenyan bilan tuzgan shartnomasini raketa sinovidan so’ng bekor qildi. Vashingtonning bu qarori Shimoliy Koreyaning yangi tahdidlar bilan chiqishiga sabab bo’ldi.

Rasmiy Seul tahdidlarni jiddiy qabul qilib, hushyorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini kuchaytirmoqda. Shimoliy Koreya qo’shni o’lkadagi ommaviy axborot vositalalariga “misli ko’rilmagan usul va vositalar” bilan hujum qilishi haqida do’q-po’pisa qilgandan beri Seuldagi yetakchi matbuot organlari joylashgan binolar politsiya tomonidan qo’shimcha nazorat ostiga olingan.

Shimollik rasmiylar bir necha daqiqa ichida Seuldagi prezident idorasini kulga aylantirishi mumkinligini ham aytgan. Janubiy Koreya hukumati bu tahdidlarni ham jiddiy qabul qilib, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga buyurgan.

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Kim Min Sukning aytishicha, “tahdidlar juda xavfli va kuchli”.

Shimoliy Koreya harbiylari zimdan kuzatilmoqda, hozircha ular faoliyatida biror jiddiy o’zgarish yo’q, deydi vazirlik vakili.

Shunday ekan, ayrim mutaxassislar nazarida, hujum kutilmagan va noan’anaviy yo’llar orqali amalga oshirilishi mumkin. Masalan, Pxenyan internet orqali Janubiy Koreya hukumati va matbuoti idoralari kompyuterlariga hujum qilishi mumkin, deydi kompyuter mutaxassisi Kim Xan Kvan.

Kim Janubiy Koreyaga qochib kelmasidan oldin Shimoliy Koreya universitetida kompyuter bo’limiga rahbar bo’lgan. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya mutaxassislari ixtiyorida internet orqali elektron tizimlarni ishdan chiqarish texnologiyasi mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG